Nukus shahridagi 12 ta oilaviy poliklinika va 3 ta jamoat maskanida aholi diagnostikadan o‘tkazilmoqda.
Saida Mirziyoyevaga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonda umummilliy “Salomatlik marafoni” tashabbusi — insonning o‘zi va yaqinlari sog‘lig‘iga e’tiborni odatiy hayot tarziga aylantirishga qaratilgan bo‘lib, shifokorlarning hamkorlikdagi sa’y-harakatlari va AI TOP-3 CDSS, MuxlisaMED AI, AI Mammo singari sun’iy intellekt yechimlari joriy etilishi natijasida yanada tezkor va aniq tibbiy yordam ko‘rsatish imkoni yaratilmoqda.
To‘rt kun ichida qariyb 12 ming nafar fuqaro ko‘rikdan o‘tdi, shulardan 1 700 dan ortig‘i chuqur tekshiruvlardan o‘tkazildi, 116 nafari esa davolanishga yo‘naltirildi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti bolalar jarrohligi bo‘limida murakkab operatsiyalarni boshdan kechirgan kichik bemorlar bilan uchrashib, suhbatlashdik. Ularning matonati va samimiy tabassumlari beixtiyor har birimizni ta’sirlantirdi.
Millat salomatligi — bu barchamiz yelkama-yelka bosib o‘tadigan umumiy yo‘limiz va mas’uliyatimizdir.