Osiyo xotin-qizlarining II forumi: xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rnini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi

Ayni paytda Buxoroda Osiyo xotin-qizlarining II forumi ko‘tarinki ruhda va qizg‘in davom etmoqda. Ushbu nufuzli anjumanning aynan mamlakatimizda o‘tkazilayotgani bejiz emas. Chunki forumda muhokama qilinayotgan masalalar keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda bu borada olib borilayotgan nihoyatda xalqchil va hayotiy islohotlar bilan uzviy bog‘liq.

Xususan, davlatimiz rahbarining tashabbusi va g‘amxo‘rligi bilan mamlakatimizda ayollarga e’tibor chinakam davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Uning huquqiy va institutsional asoslari tubdan takomillashtirildi. Yangi O‘zbekiston xotin-qizlarni har qanday kamsitish va tahqirlashlardan himoya qiladigan barcha asosiy xalqaro hujjatlarga qo‘shildi. Bunda “Onalikni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Jeneva konvensiyasi, “Xotin-qizlarning siyosiy huquqlari to‘g‘risida”gi hamda “Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida”gi Nyu-York konvensiyalari, “Birlashgan Millatlar Tashkilotining transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi konvensiyasini to‘ldiruvchi odam savdosining, ayniqsa ayollar va bolalar savdosining oldini olish hamda unga chek qo‘yish va uning uchun jazolash haqidagi” bayonnomasi kabi xalqaro hujjatlarni misol qilib keltirish mumkin.

Qolaversa, yurtimizda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”, “Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi.

Bu borada olib borilayotgan tizimli ishlar xalqaro hamjamiyat tomonidan ham munosib e’tirof etilmoqda. Xususan, Jahon banki indeksida O‘zbekiston gender tenglik sohasida dunyodagi eng tez rivojlanayotgan 5 ta mamlakat qatorida qayd etildi. Ochiq gender ma’lumotlar indeksida eng yaxshi 20 ta davlat qatoridan joy olgani bizga alohida mamnuniyat bag‘ishlaydi.

Davlat va jamiyat boshqaruvida xotin-qizlar ishtirokini kengaytirish bugun tobora dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda. Shu bois mazkur masala forum kun tartibidan alohida o‘rin olgan. Bu yerda muhokamalar faqat davlat boshqaruvida ayollar sonini ko‘paytirish haqida emas, balki ularning qaror qabul qilish jarayonida faol va mas’uliyatli ishtirok etishini ta’minlash borasida qilinishi shart bo‘lgan islohotlar haqida bormoqda.

Shu ma’noda, forum siyosiy jarayonlarda barcha qatlamlar ishtirokini kengaytirish, gender muvozanatini mustahkamlash va bu borada turli mamlakatlar tajribasi bilan o‘rtoqlashish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.

Ikkinchi muhim yo‘nalish iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish va barqaror bandlikni ta’minlash bilan bog‘liq. Bugungi kunda xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning daromad topishlariga ko‘maklashish va mehnat bozoridagi ishtirokini kuchaytirish ko‘plab davlatlar uchun muhim masalaga aylangan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Forumda ayollarni faqat ishchi kuchi sifatida emas, balki iqtisodiyotni rivojlantirishga hissa qo‘shadigan faol qatlam sifatidagi o‘rnini yanada mustahkamlash borasida o‘zaro fikr almashilmoqda. Ya’ni ular o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishi, yangi g‘oyalar bilan chiqishi va iqtisodiy jarayonlarda mustaqil qaror qabul qilishi lozim.

Ilm-fan, ta’lim, innovatsiya va sun’iy intellekt haqida gap ketganda, negadir jamiyatimizda bu soha qiz bola uchun emas, balki qizlar ko‘proq ijtimoiy-gumanitar fanlarni o‘qishi kerak, degan tushuncha mavjud. Shu sababli nafaqat mamlakatimizda, balki aksariyat davlatlarda ham xotin-qizlarni IT sohasiga jalb qilish qiyin bo‘lmoqda. Aslida bu soha ayollar uchun ko‘proq mos keladi. Chunki bu yo‘nalishda jismoniy mehnatdan ko‘ra aqliy mehnat talab qilinadi. Bundan tashqari, ayollar uydan chiqmasdan onlayn ishlashi mumkin. Bu ham uyida o‘tirib o‘zini o‘zi band qilish imkonini beradi, albatta.

Forumda masalaning shu va boshqa jihatlari muhokama qilinib, ayollarni IT, injiniring, sun’iy intellekt va ilmiy tadqiqotlar kabi zamonaviy sohalarga keng jalb qilish bo‘yicha alohida dasturlar ishlab chiqish zarur, degan xulosaga kelinmoqda. Zero, kelajagimiz aynan ushbu zamonaviy soha va bilimlarni qanchalik egallashimizga bevosita bog‘liq. Zotan, sun’iy intellekt asta-sekin barcha sohalarni qamrab oladi.

Taniqli mutafakkir Abdulla Avloniy: “Qizlar bilim olishga hammadan ko‘proq intilishlari lozim, zero, bu bilimlar bilan ular kelajak avlodni tarbiyalaydilar”, degan edi. Haqiqatan ham shunday. Oilada ayol bilimli, dunyoqarashi keng bo‘lsa, farzandlariga yaxshi tarbiya beradi, ularning ilmli bo‘lib ulg‘ayishlari uchun hech narsani ayamaydi. Qolaversa, bilimli, dunyoqarashi keng ayol o‘z haq-huquqlarini yaxshi biladi va shu sababli turli tazyiq hamda zo‘ravonlikka uchramaydi.

Forumda mazkur masalaga alohida yondashilib, uning doirasida “Ilm-fanda ayollar yetakchiligi: zamonaviy chaqiriqlar, innovatsion yechimlar va ilmiy hamkorlik” mavzusidagi olima ayollar forumi o‘tkaziladi. Bu esa xotin-qizlarning ilm-fandagi o‘rnini mustahkamlash, ularni yangi ilmiy izlanish va innovatsion g‘oyalarga kengroq jalb etishga xizmat qiladi.

Tadbir doirasida tashkil etiladigan milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi ham forumning amaliy ahamiyatini yanada oshiradi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Unda to‘qimachilik, kulolchilik, ipakchilik, charm-poyabzal mahsulotlari, milliy hunarmandchilik namunalari, eksportbop oziq-ovqat mahsulotlari hamda xotin-qizlar tomonidan amalga oshirilayotgan turli loyiha va startaplar namoyish etiladi. Bu ko‘rgazma ayollarning tadbirkorlik va ishlab chiqarish sohalaridagi faolligi tobora ortib borayotganini namoyon etadi.

Ishonchimiz komilki, Buxoroda o‘tayotgan mazkur forum amaliy taklif va taviyalarga boy bo‘lib, unda ko‘tarilgan masalalar jamiyatda xotin-qizlarning o‘rnini yanada mustahkamlash borasida dasturilamalga aylanadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish