O‘zbekiston nafaqat mehmondo‘st mamlakat, faol va mas’uliyatli hamkor ekanligini ham isbotladi

Poytaxtimizda joriy yilning 5–9 aprel kunlari bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi jahon parlamentarizmida o‘ziga xos yangi davrni boshlab berdi. Aytish kerakki, bu tadbir nafaqat tashkiliy jihatdan, balki, mamlakatimizning global miqyosdagi mavqeini mustahkamlash, milliy parlamentarizmni rivojlantirishi bilan ahamiyatlidir.

Dunyo parlamentlari vakillarini bir yuz elliginchi marta bir nuqtaga birlashtirgan mazkur tadbir Yangi O‘zbekistonning ochiqligini, uning global muammolarga ishonchli va konstruktiv ta’sir o‘tkazish salohiyatiga ega ekanligini namoyon etdi.

Bilamiz, har bir davlat uchun milliy parlamentarizmni rivojlantirish faqat huquqiy hujjatlar qabul qilish yoki qonunlarni ishlab chiqish bilan o‘lchanmaydi. Balki, qaysiki parlament bugungi davr siyosatini teran anglash, xalqaro siyosatda o‘z pozitsiyasiga ega bo‘lishi, faoliyatida avvalo inson va uning manfaatlarini to‘la aks ettira olishi kabi tamoyillar bilan o‘lchanadi. Shu ma’noda Parlamentlararo Ittifoq assambleyasi bizga ana shu jihatlarni rivojlantirish va yanada mustahkamlash uchun imkoniyat berdi.

Nufuzli tadbir doirasida mamlakatimizga tashrif buyurgan dunyo parlamenti vakillari, delegatlar, diplomatik korpus vakillari ko‘z o‘ngida O‘zbekiston nafaqat mehmondo‘stligi, balki, global muammolarga o‘zining konstruktiv yondashuvini ko‘rsata oladigan, qolaversa, aniq tashabbuslar bilan chiqa oladigan davlat sifatida gavdalandi. Misol uchun, davlatimiz rahbarining Assambleyada nutq so‘zlagani va unda ilgari surilgan tashabbuslar mehmonlar tomonidan juda yuqori baholandi. Nega? Chunki, nutqda barchani baravar tashvishga solayotgan muammolarning yechimi ham taqdim etildi. Misol uchun, Ukraina inqirozi Prezidentning fikricha, BMT rahbarligida, amaldagi xalqaro huquq normalari asosida hal etilishi kerak.

Yana bir og‘riqli nuqta Falastin inqirozi uchun yagona yechim “ikki xalq uchun – ikki davlat” tamoyili bo‘lishi shartligi bildirildi. Shuningdek, jafokash Afg‘oniston xalqini ham o‘z muammolari bilan yolg‘iz qoldirmaslik kerakligiga ham e’tibor qaratilganini tahlilchilar alohida e’tirof etmoqdalar.

Shuningdek, Prezidentimiz nutqida har bir insonning ijtimoiy himoyaga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash, xalqaro standart va me’yorlar asosida sifatli xizmatlar ko‘rsatish har qachongidan ham dolzarb ekanligi qayd etildi. Bu juda ham o‘rinli va amalda isbotini topgan tashabbus deyish mumkin. Zero, yurtimizda aholining har tomonlama himoyasini ta’minlash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilangan. Xususan, kambag‘allikka qarshi keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Natijada oxirgi sakkiz yilda kambag‘allik darajasi 35 foizdan 8,9 foizga tushirildi. “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi amalga oshirilayotgan bo‘lib, joriy yil yakuni bilan bu ko‘rsatkichni 6 foizga pasaytirish marrasi olingan.

Xulosa qilib aytganda, Assambleya orqali O‘zbekiston nafaqat mehmondo‘st mamlakat, balki demokratik jarayonlarni qo‘llab-quvvatlovchi, faol va mas’uliyatli xalqaro hamkor sifatida ko‘rsata oldi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish