O‘zbekiston va Italiya strategik sheriklik aloqalari yuksak darajaga ko‘tarilmoqda

O‘zbekiston va Italiya ko‘p qirrali ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun ulkan salohiyatga ega. Ikki davlat o‘rtasida bir necha yillardan buyon davom etib kelayotgan do‘stona munosabatlar so‘nggi yillarda mutlaqo yangi bosqichga chiqdi. Siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot, energetika, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik, savdo-iqtisodiy aloqalar sezilarli ravishda faollashdi. Ikki mamlakatlar o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1992 yil O‘zbekiston mustaqilligi tan olingani va Italiyaning Toshkentdagi elchixonasi ochilganidan boshlab yo‘lga qo‘yilgan. O‘tgan vaqt davomida o‘zaro manfaatli va istiqbolli hamkorlik uchun mustahkam poydevor yaratildi, ishonchli siyosiy muloqot o‘rnatildi.

Italiya texnologiya, muhandislik, sanoat hamda boshqa sohalarda jahonda yetakchi o‘rinni egallagani sababli O‘zbekiston bu davlatga katta qiziqish bilan qaraydi. Ko‘p marotaba o‘tkazilgan O‘zbekiston – Italiya biznes forumlari tomonlar sanoat kooperatsiyasi va savdo aloqalarini kengaytirishdan manfaatdor ekanini namoyon etdi.

Ayni chog‘da Italiyaning qator yirik kompaniyasi mamlakatimizda o‘z loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda. Ular orasida Toshkent metallurgiya zavodi ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilgan “Danieli”, “aqlli” gaz hisoblagichlarini ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirayotgan “Pietro Fiorentini” va “Terranova”, za’faron ishlab chiqarish bo‘yicha hamkor “Opera Srl” singari yetakchi kompaniyalar bor. Shuningdek, bugungi kunda Italiya bilan energetika, metallurgiya, qurilish materiallari, bog‘dorchilik, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarda yangi loyihalar paketini ishlab chiqish bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda.

O‘zaro savdo va investitsiyalar hajmi keyingi yillarda ikki barobar ko‘paydi. Metallurgiya, energetika, elektrotexnika va boshqa tarmoqlarda Italiyaning yetakchi kompaniyalari bilan sanoat kooperatsiyasi loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirildi. O‘zbekiston Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi ko‘prik hisoblanib, sheriklik nuqtai nazaridan strategik ahamiyatga va katta salohiyatga ega davlat. Shu sababli Italiya mamlakatimizning zamonaviy rivojlanishida ishtirok etishni istaydi va ko‘p tomonlama munosabatlarni chuqurlashtirishga tayyor.

Rasmiy Toshkent va Rim o‘rtasidagi madaniyatlararo muloqot ancha jadal rivojlanmoqda. Ayniqsa, madaniyat, italyan tilini o‘rganish, ta’lim va turizm sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish uchun katta salohiyat bor. Qolaversa, fan-ta’lim, sport, san’at sohalarida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Masalan, Toshkentda Turin va Piza universitetlarining filiallari muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, O‘zbekiston Venetsiyadagi Xalqaro biennaleda ishtirok etib kelmoqda.

Parlamentlararo aloqalar ham izchil rivojlanib borayotganini alohida ta’kidlash joiz. 2011 yildan buyon Italiya parlamenti Deputatlar palatasi va Senati bilan hamkorlik qilish maqsadida O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatida parlamentlararo guruhlar faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, Italiya parlamentida “Italiya – Markaziy Osiyo” do‘stlik guruhi tuzilgan. Vazirlik va idoralar darajasidagi almashuvlar ham yangi sur’at kasb etmoqda. Hamkorlikning rejalar va yo‘l xaritalari asosida idoralararo o‘zaro munosabatlar faol amalga oshirilmoqda.

O‘zbekistonda BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Oxirgi bir necha yilda hamkorlik portfeli uch barobar kengaydi va bugungi kunda yer va suvdan foydalanish, agrosanoat majmuasi, o‘rmon xo‘jaligi, ekologiya, chorvachilik va ko‘plab boshqa yo‘nalishlarni qamrab olgan.

Shunday qilib, O‘zbekiston va Italiya hamkorlik munosabatlari keng ko‘lam kasb etib, strategik sheriklik aloqalari yuksak darajaga ko‘tarilmoqda.

 
Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish