O‘zbekistonda so‘nggi yillarda 7,5 million fuqaro kambag‘allikdan chiqdi, ishsizlik darajasi esa ikki baravar qisqardi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan, mahalla tizimini yanada takomillashtirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 3,5 mingdan ortiq mahalla zamonaviy ko‘rinishga keltirilgan. Mahalla raislarining vakolat muddati 3 yildan 5 yilgacha uzaytirildi, ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun zarur resurs va vakolatlar berilgan.
Davlat rahbari so‘zlariga ko‘ra, mahalla tizimi endi oddiy tashkiliy tuzilma emas, balki joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarning markaziga aylanmoqda.
«Norin tumanidagi Sho‘rariq mahallasiga borganim viloyat hokimlari, respublika, viloyat va tuman rahbarlari, ‘yettilik’ tizimi vakillarining ko‘zini ochib, ularni sifat va kompetensiyani oshirishga undashi kerak», — dedi prezident.
Har bir mahallada mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, yangi loyihalar ishlab chiqish va ish o‘rinlari yaratish uchun bankirlar va soliqchilar biriktirilgan. Shuningdek, infratuzilmani rivojlantirish maqsadida alohida mablag‘lar ajratilayotgani aytildi.