O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyati yangi bosqichga ko‘tarildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar sanoat tarmoqlari rivojining mutlaqo yangi modeli — zamonaviy, innovatsion va yuqori qo‘shilgan qiymat asosida barpo etilayotgan iqtisodiy tizimni shakllantirdi. Ayniqsa, energetika sohasidagi yirik loyihalar nafaqat iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirmoqda, balki mamlakatning energetik mustaqilligi va milliy xavfsizligini mustahkamlashda hal qiluvchi rol o‘ynamoqda. Mana shunday ulkan va strategik loyihalardan biri — “Uzbekistan GTL” sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish zavodidir.

Bu majmua tabiiy gazni chuqur qayta ishlash, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar tayyorlash va mamlakatning eksport salohiyatini kengaytirishga katta hissa qo‘shmoqda. “Uzbekistan GTL” nafaqat zamonaviy texnologiyalar jamlangan sanoat obyekti, balki Yangi O‘zbekistonning iqtisodiy barqarorligi va mustaqillik salohiyatini amalda namoyon etuvchi yirik platformadir.

Loyihaning tarixi 2009 yilga borib taqaladi. O‘sha yilda sintetik yoqilg‘i ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadida dastlabki texnik-iqtisodiy asoslar tayyorlanib, xalqaro sheriklar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan edi. Dunyo energetika bozorida nufuzga ega “Sasol” va “Petronas” kompaniyalari loyihaning ilk bosqichida ishtirok etdi, texnologiyalar tanlandi, global tajriba o‘rganildi. Biroq 2011–2015 yillardagi moliyaviy muammolar va xalqaro bozordagi o‘zgarishlar tufayli loyiha to‘xtab qoldi. Xorijiy sheriklarning loyihadan chiqib ketishi uning taqdiriga jiddiy ta’sir ko‘rsatib, strategik ahamiyatga ega yirik sanoat obyektining kelajagi ma’lum muddat noaniq bo‘lib qoldi.

Shu paytda, 2016 yildan boshlab Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan loyiha butunlay yangi bosqichga ko‘tarildi. Davlat rahbari loyihani shaxsan o‘z nazoratiga olib, uni qayta tiklash, moliyalashtirish va amalga oshirishning aniq mexanizmlarini belgilab berdi. 2016 yil 29 dekabrdagi PQ–2706-sonli qaror bilan moliyalashtirish manbalari aniqlandi, xalqaro moliya institutlari va pudratchilar bilan shartnomalar yangilandi. 2017 yil 24 fevralda Prezidentning Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida gaz-kimyo sanoatini birlashtiruvchi klaster yaratish vazifasi qo‘yilib, GTL qurilishiga strategik tizimli yondashuv ta’minlandi.

2017–2021 yillar davomida qurilish-montaj ishlari jadal sur’atlarda olib borilib, 2021 yil dekabrda zavod rasman ishga tushirildi. 2022 yil iyundan boshlab sintetik neft, dizel yoqilg‘isi, aviakerosin, nafta va suyultirilgan gaz ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bu nafaqat yangi sanoat quvvati, balki O‘zbekiston energetika tizimidagi tub modernizatsiya yo‘nalishining amaliy natijasi sifatida namoyon bo‘ldi.

Zavod faoliyatining bosqichma-bosqich o‘sishi natijasida 2022 yilda 230 ming tonna, 2023 yilda 662 ming tonna, 2024 yilda esa 723 ming tonna mahsulot ishlab chiqarildi. 2025 yilda ishlab chiqarish hajmini 1 million 150 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgani korxonaning ulkan ishlab chiqarish salohiyati va bozordagi barqaror talabdan dalolat beradi.

“Uzbekistan GTL”ning ishga tushishi mamlakatning ichki bozoridagi vaziyatga ham jiddiy ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. 2024 yilda ishlab chiqarilgan mahsulotning 399 ming tonnasi ichki bozor talabini qondirishga yo‘naltirilib, dizel yoqilg‘isi va aviakerosin bo‘yicha barqaror ta’minot ta’minlandi. Eng muhim natijalardan biri — dizel yoqilg‘isi narxining ikki barobar arzonlashgani bo‘ldi. Bu nafaqat aholi turmush tarziga, balki logistika, qishloq xo‘jaligi va sanoat tarmoqlarining barcha yo‘nalishlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.

Shu bilan birga, 336 ming tonna mahsulot eksport qilindi. Hozirgi kunda zavod mahsulotlari AQSh, Yevropa davlatlari va boshqa rivojlangan mamlakatlar bozoriga yetkazib berilayotgani O‘zbekistonning global iqtisodiy maydondagi mavqeini mustahkamlamoqda. Bu mamlakatning “o‘rta yo‘lak” strategiyasini kuchaytirib, Sharq va G‘arb bozorlarini bog‘lovchi yangi logistika va savdo imkoniyatlarini ochmoqda.

Zavod faoliyatida ekologik standartlarga qat’iy rioya qilinishi, energiya tejamkor texnologiyalarning qo‘llanilishi va tabiatga ta’sirning minimallashtirilishi uni xalqaro nufuzli sanoat obyekti sifatida namoyon etmoqda. Shundan tashqari, mahalliy kadrlar tayyorlash masalasi ham doimiy e’tiborda. Yosh mutaxassislarning Qatar, Koreya va Singapurdagi yetakchi korxonalarda malaka oshirishi, zavod faoliyatining “Ernst & Young” va “Nexant” tomonidan muntazam auditdan o‘tkazilishi uning shaffofligi va samaradorligini kafolatlamoqda.

“Uzbekistan GTL” bugun amaliy natijalarga asoslangan, Yangi O‘zbekiston islohotlar siyosatining yorqin namunasiga aylangan. Loyiha mamlakatning energiya xavfsizligini ta’minlash, iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish, eksport salohiyatini oshirish va sanoatning raqobatbardoshligini kuchaytirishga ulkan hissa qo‘shmoqda.

Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida qad rostlagan “Uzbekistan GTL” MDH doirasidagi eng yirik zamonaviy zavod hisoblanadi. U Janubiy Afrika, Malayziya va Qatar kabi davlatlardagi “gazdan-suyuqlikka” texnologiyasi bo‘yicha sanoqli yuqori texnologik zavodlar qatoridan joy olgani bilan yana-da ahamiyatlidir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 29 dekabrdagi “Sho‘rtan gaz-kimyo kompleksining tozalangan metani negizida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarishni tashkil etish” investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori asosida amalga oshirilgan ushbu yirik zavod tabiiy gazni qayta ishlash quvvatlarini kengaytirish, uglevodorod xomashyosi importini qisqartirish, ichki bozorda sifatli va ekologik toza yoqilg‘iga bo‘lgan talabni qondirish, yer osti boyliklaridan unumli foydalanish hamda strategik mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishga xizmat qiladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish