Bugungi kunda O‘zbekistonda bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlar, iqtisodiy salohiyatning oshishi, aholining yashash darajasi sifati yaxshilanishida shubhasiz, tadbirkorlarning o‘rni beqiyos. Davlatimiz rahbari tadbirkorlar bilan navbatdagi ochiq muloqotida buni alohida ta’kidladi.
Shu nuqtai nazardan, so‘nggi yillarda mamlakatda tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilib, yakka tadbirkorlar, o‘zini o‘zi band qilganlar, tadbirkorlikka endi qadam qo‘yayotganlarga katta imtiyozlar berilmoqda.
Davlatimiz rahbari Prezidentlik faoliyatining ilk kunlaridanoq ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratishga katta e’tibor qaratdi. Ishbilarmonlik faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish va to‘sqinlik qilish, ularning ishini asossiz to‘xtatib qo‘yish prezident siyosatiga qarshi chiqish, deb baholandi.
Faol islohotlar nafaqat tadbirkorlik, balki butun mamlakatimiz rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Fikrimiz isbotini oxirgi 8 yilda turli sohalarga 230 milliard dollar investitsiya kirib kelgani, shundan 120 milliarddan ortig‘i xorijiy sarmoya ekanligi yaqqol tasdiqlab turibdi. Jahon iqtisodiyoti murakkab vaziyatni boshidan o‘tkazayotgan bir paytda, pragmatik va proaktiv siyosat natijasida bu yil birinchi yarim yillikda iqtisodiyotimiz 7,2 foizga o‘sdi.
O‘tgan davrda minglab mikro va kichik korxonalar qisqa muddatda yaratilgan sharoitlardan samarali foydalangan holda, katta-katta kompaniyalar bilan raqobat qila boshladi. Masalan, 1600 ta mikro korxona bir yil ichida oborotini 10 milliard so‘mdan oshirib, birdaniga o‘rta korxona, 143 tasi esa 100 milliard so‘mdan oshirib, yirik korxonaga aylandi. Yana 122 ta kichik korxona yirik biznes safiga qo‘shildi.
Bugun tom ma’noda, tadbirkorlik qiladigan zamon keldi. Odamlarda tadbirkorlarga nisbatan ishonch, hurmat va mehr oshdi. Tadbirkorlik faoliyatidagi sun’iy to‘siqlar ham olib tashlandi. Bu orqali erkinlikka chiqqan tadbirkorlar tomonidan qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratildi. Xususan, 139 mingta korxonada ish o‘rinlari 811 mingta ko‘payib, 2,2 milliondan 3 millionga yetdi. 273 mingta korxonada ish haqi fondi 22 foizga yoki 4,6 trillion so‘mga oshirildi.
Birgina 2024 yili xususiy sektorda o‘rtacha oylik 4 million so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, bugungi kunda 5 million so‘mga yaqinlashdi. Albatta, bu raqamlar to‘g‘ri olib borilgan siyosat, tadbirkorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar va tadbirkorlarning bu imkoniyatlardan samarali foydalanayotgani mevasidir.
Ana shunday eng ilg‘or va fidoyi tadbirkorlarning 49 nafari davlat mukofotlari, 112 nafari esa “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangani yurtimizda biznes vakillariga bo‘lgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaliy namunasi, desak yanglishmaymiz.
Ochiq muloqotda davlatimiz rahbari kichik tadbirkorlarni, o‘zini o‘zi band qilganlarni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik sohasini rivojlantirishga xizmat qiladigan bir qator muhim chora-tadbirlarni ham belgilab berdi.
Tadbirkorlar - davlat rivoji uchun muhim kuchdir. Davlatimiz rahbari aytganidek, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotini, istiqbolini ta’minlaydigan, davlatimizni boy qiladigan va xalqimiz, oilalar hayotini farovon qiladigan kuch bu - tadbirkorlardir.