Ta’lim sohasida yangi, strategik islohotlar belgilab berildi

Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali tadbir nafaqat samimiy tabriklar, balki strategik qarorlar va amaliy rejalar bilan boy tarixiy uchrashuv bo‘ldi. Unda ta’lim sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha muhim tashabbuslar ilgari surildi.

Fikrimizcha, bu tashabbuslarning har biri ta’lim tizimini tubdan o‘zgartirayotgan kuchli, izchil va xalqparvar siyosat mahsulidir. Bugungi kunda maktabgacha ta’limdan tortib, texnikumlar va oliy ta’limgacha bo‘lgan barcha bo‘g‘inlarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli o‘zgarishlar aynan inson kapitaliga yondashuvda sifat jihatdan yangi bosqich boshlanganini anglatadi. Ustozga e’tibor berilayotgan jamiyatda — farzandlar orzulari ro‘yob topadi, mahallalarda totuvlik mustahkamlanadi, milliy birlik kuchayadi.

Ilgari surilgan har bir tashabbus zamirida — hayotiy haqiqatlar, joylardagi muammolar tahlili va eng muhimi, odamlarning orzu-intilishlariga bo‘lgan hurmat mujassam. Masalan, pedagoglar farzandlari uchun oliy ta’lim kontrakt to‘loviga 30 foizlik chegirma, kamida 15 yillik mehnat stajiga ega ustozlarga ipoteka boshlang‘ich badalining 25 foizini qoplab berilishi nafaqat moddiy rag‘bat, balki “ustoz” degan muqaddas nomga ko‘rsatilayotgan chuqur hurmatdir.

Maktab ta’limining yangi konsepsiyasi doirasida 9 va 11-sinflarda yagona davlat imtihonlarining joriy qilinishi ayni muddaodir. Bu, mening fikrimcha, o‘quvchi–ota-ona–ustoz uchligini yaqinlashtiradigan, ularning harakatini yagona maqsadga yo‘naltiradigan muhim bosqichdir.

Texnikumlar tizimida xalqaro standartlar asosidagi dual ta’lim, investorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqaga kirishgan texnikumlar uchun ustaxona va jihozlar ajratilishi, xalqaro sertifikat asosida o‘qituvchilarga ustama to‘lanishi – bu sohani nafaqat o‘qituvchining, balki butun jamiyatning e’tibor markaziga olib chiqmoqda. Texnikumlarga kelajak mehnat bozorining lokomotivi sifatida alohida e’tibor qaratilmoqda. Ana shu tizimda ustozlik qilayotgan pedagoglarga bunday g‘amxo‘rlik va rag‘bat berilayotgani esa ularning mavqeini yanada yuksaltiradi.

Oliy ta’lim borasida esa, dunyoning yetakchi universitetlari bilan qo‘shma dasturlar, TOP-100 va TOP-300 talik oliygohlar bilan hamkorlikda filiallar ochilishi, ilg‘or yo‘nalishlar bo‘yicha ixtisoslashtirilgan ta’lim tizimi yaratilishi, ilmiy faoliyatga yo‘naltirilgan rag‘batlantirish mexanizmlari kelajakni ko‘zlab amalga oshirilayotgan strategik muhim tashabbuslardir.

Yig‘ilishda yangragan “Biz Uchinchi Renessans poydevorini qurayapmiz” degan so‘zlar shunchaki balandparvoz shior emas, balki aniq maqsad va amaliy harakatlarga asoslangan ezgu da’vatdir. Bu ibora, avvalo, har bir pedagog, har bir ta’lim muassasasi va jamiyatning barcha a’zolari zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklaydi.

Chunki Yangi O‘zbekistonni barpo etish — ilmli, tarbiyali, mustaqil fikrlaydigan va mas’uliyatli avlodni tarbiyalash orqali amalga oshadi. Bu esa, avvalo, o‘qituvchilarning fidoyiligi, bilim va tarbiya sifatiga bog‘liq. Shu bois ham ta’limgа, ayniqsa ustoz va murabbiylarga berilayotgan e’tibor bugunning emas, balki kelajak poydevorini mustahkamlash demakdir.

Umuman olganda, ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan bu tashabbuslar tasodifiy harakat yoki vaqtinchalik choratadbirlar emas, balki keng ko‘lamli, uzoqni ko‘zlagan strategik islohotdir. Bu islohotlarning dastlabki samaralari bugungi kunning o‘zidayoq hayotimizda o‘z aksini topmoqda. Xususan, ta’lim muassasalari zamonaviylashmoqda, pedagoglarning maqomi yuksalmoqda, yosh avlodning ta’lim sifati sezilarli darajada oshmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish