Davlatimiz rahbari raisligida maktab taʼlimi tizimidagi islohotlar samaradorligini oshirish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ko‘tarilgan masalalar bilimli, sog‘lom va vatanparvar avlodni tarbiyalash hamda Yangi O‘zbekiston taʼlim tizimida yechimini kutayotgan masalalarni tizimli hal etishga qaratilgani bilan muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Prezidentimiz tomonidan taʼlim sohasiga qaratilayotgan yuksak eʼtibor, ajratilayotgan mablag‘larning ko‘paytirilishi, maktab va maktabgacha taʼlim muassasalari infratuzilmasining takomillashuvi yurtimizni barqaror taraqqiy ettirish yo‘lidagi muhim qadamlardir.
Ayniqsa, pedagog kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish tizimidagi yangilanishlar alohida eʼtiborga loyiq. Jumladan, Abdulla Avloniy nomidagi Milliy-tadqiqot instituti va uning 13 ta hududiy markazini qayta tashkil etish, Nizomiy nomidagi universitetning Milliy pedagogika universitetiga aylantirilishi kabi tashabbuslar o‘qituvchi-pedagoglarimizning malakasi va maqomini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shu asosda barcha pedagogika oliygohlari faoliyati tubdan takomillashtiriladi. Jumladan, Termiz pedagogika instituti misolida ko‘rilsa, hozirgi fakultetlar o‘rnida aniq, tabiiy, ijtimoiy, filologiya, amaliy fanlar, maktabgacha va boshlang‘ich taʼlim yo‘nalishlari bo‘yicha 6 ta oliy maktab tashkil qilinmoqda.
Fanlar soni optimallashtirilib, 20 tadan 15 taga, taʼlim yo‘nalishlari 31 tadan 17 taga qisqartiriladi, o‘quv yuklamasi esa 20 foizga kamaytiriladi. Yaqin hududlardagi maktablar institutning amaliyot bazalariga aylantiriladi.
Bu yil institutning xorijiy til sertifikatiga ega bo‘lgan 20 nafar o‘qituvchisi Buyuk Britaniya, Germaniya va Singapur kabi davlatlarda malaka oshirish kurslarida qatnashadi. Kelgusi uch yil mobaynida esa barcha professor-o‘qituvchilar xalqaro malaka oshirish kurslaridan o‘tadi. Bu jarayonlar jahondagi "Top-100" talik universitetlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida tashkil qilinadi.
Shuningdek, xususiy oliygohlarda pedagogika yo‘nalishlari sifati nazorat qilinadi va aniq fanlar bo‘yicha pedagogik kadrlar tayyorlanishi yo‘lga qo‘yiladi. Bu tashabbus maktablardagi o‘qituvchi tanqisligini bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimiz tomonidan iqtidorli yoshlarni xorijiy universitetlarda o‘qitish uchun “Prezident iqtidorli farzandlari milliy dasturi”ning amalga oshirilishi mamlakatimiz iqtidorli yoshlari uchun keng imkoniyatlarni yaratib berishi, shubhasiz.
Maktabgacha taʼlimdagi innovatsion yondashuvlar, tarbiyachilar malakasi va mahoratini oshirish borasidagi yangiliklar ham kelajak avlodning sog‘lom va aqlan barkamol bo‘lib voyaga yetishini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega.
Bir so‘z bilan aytganda, taʼlim sohasiga qaratilgan eʼtibor va bu yo‘nalishdagi ijobiy o‘zgarishlar xalqimiz farovonligi va mamlakat taraqqiyotiga xizmat qiladi.