Toshkent ilk bor yirik venchur forumiga mezbonlik qiladi

3-aprel kuni poytaxtimizda Central Eurasian Venture Forum 2026 bo‘lib o‘tadi. Bu forum Markaziy Yevroosiyodagi eng muhim venchur platformalaridan biri bo‘lib, ilk bor O‘zbekistonda tashkil etilmoqda. Tadbir Toshkentdagi JW Marriott mehmonxonasida o‘tkaziladi.

CEVF 2026 sarmoyadorlar, startaplar, venchur fondlari, korporatsiyalar va texnologik tadbirkorlarni bir maydonga jamlaydi. Forumning bu yilgi bosh mavzusi - “The Next Frontier for Smart Capital”. Unda yangi global sharoitda investitsiya, venchur kapitali va AI-kompaniyalarni rivojlantirish mantig‘i qanday o‘zgarayotgani muhokama qilinadi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, forum tajribali va yangi investorlar, moliyaviy institutlar, korporativ tuzilmalar hamda biznesini xalqaro bozorga olib chiqmoqchi bo‘lgan mintaqaviy startaplar uchun muhim muloqot va hamkorlik maydoniga aylanadi. AI, fintech va deeptech kabi yo‘nalishlar esa asosiy e’tibor markazida bo‘ladi.

Eng muhimi, bu forum Toshkentning nafaqat IT, balki innovatsiya va sarmoyalar uchun ham tobora kuchayib borayotgan mintaqaviy markazga aylanayotganini yana bir bor namoyon etadi. CEVF’ning Qozog‘istondan tashqarida birinchi marta aynan O‘zbekistonda o‘tkazilayotgani ham buning yaqqol isbotidir.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish