Toshkent markazida zamonaviy san’at maskani

03.09.2026 12:34
3081

Toshkent markazidagi bir asrdan ziyod tarixga ega sanoat me’morchiligi obidasi yangi qiyofa kasb etmoqda.

1912-yilda bunyod etilgan tarixiy binoda dastlab Toshkentning birinchi dizel elektr stansiyasi faoliyat yuritgan. U shahardagi ilk elektr tramvay yo‘nalishini energiya bilan ta’minlagan va poytaxtni elektrlashtirish tarixida alohida o‘rin tutgan.

Bugun esa ushbu tarixiy makon o‘zining yangi davrini boshlamoqda - bino qayta tiklanib, Toshkent Zamonaviy san’at markazi - CCA Tashkentga aylantirildi.

Tarixiy inshootning me’moriy qiyofasini yangilash ishlari xalqaro miqyosda tan olingan Fransiyaning Studio KO byurosi tomonidan amalga oshirildi. Restavratsiyada O‘zbekistonning an’anaviy qurilish usullari, mahalliy materiallari, hunarmandchilik va dizayn an’analariga alohida e’tibor qaratildi.

CCA Tashkent O‘zbekistondagi birinchi doimiy zamonaviy san’at markazi bo‘lib, ko‘rgazmalar bilan bir qatorda tadqiqot, ta’lim va xalqaro madaniy almashinuv uchun ham yangi maydon yaratadi.

Markazda ko‘rgazma zallari, kutubxona, ta’lim maydonlari va jamoat uchun ochiq hududlar faoliyat yuritadi. Bu yer yosh rassomlar, tadqiqotchilar va madaniyat sohasi vakillari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishi ko‘zda tutilgan.

Markaz 6-sentabr kuni o‘z eshiklarini ochadi. Uning ilk yirik ko‘rgazmasi “Hikmat” deb nomlanib, donishmandlik, ruhiy o‘zlik va moddiy o‘zgarish g‘oyalarini zamonaviy san’at orqali talqin qiladi. Unda O‘zbekiston va dunyoning turli mamlakatlaridan ijodkorlarning asarlari namoyish etiladi.

Bir paytlar Toshkentni elektr energiyasi bilan ta’minlashga xizmat qilgan tarixiy bino endilikda yangi g‘oyalar, ijod va zamonaviy san’at energiyasini tarqatadigan maskanga aylanmoqda.

Bu o‘zgarish tarixiy merosni asrab-avaylagan holda, unga zamonaviy mazmun va yangi hayot baxsh etishning yorqin namunasidir.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish