Jadidlar nega matbuotga bunchalik katta ahamiyat bergan?

14.08.2026 17:12
3293

XX asr boshida Turkistonda gazeta va jurnal bugungi ijtimoiy tarmoqlarning ayrim vazifalarini bajargan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Maktabda jadidlar o‘nlab yoki yuzlab bolalarga bilim bera olardi. Matbuot orqali esa bir fikr Samarqanddan Toshkentga, Farg‘onaga, hatto Turkiston tashqarisiga ham yetib borishi mumkin edi.

Mahmudxo‘ja Behbudiy buning imkoniyatini juda yaxshi tushungan. U gazeta chiqarishga bir necha yil harakat qilib, nihoyat 1913-yil aprelda “Samarqand” gazetasini nashr eta boshladi. Gazeta turkiy tilda chiqib, unda tojikcha va ayrim ruscha materiallar ham berilgan. Ammo mablag‘ va obunachilar yetishmasligi sabab nashr atigi 45 songacha yetib bordi. Behbudiyning o‘zi ham gazetaning to‘xtashiga asosiy2491 sabab sifatida moliyaviy qiyinchiliklarni yozgan.

Shundan so‘ng, 1913-yil 20-avgustda u “Oyina” jurnalini chiqara boshladi.

Nega aynan “Oyina” - ya’ni “Ko‘zgu”?

Jurnal o‘z nomiga mos ravishda jamiyatga uning o‘zini ko‘rsatishi kerak edi. Unda ta’lim va maktab masalalaridan tortib tarix, adabiyot, siyosat, ilm-fan, til va jamiyatdagi muammolargacha yoritilgan. Behbudiy hatto qozilar, muftiylar va amaldorlar faoliyatini tanqidiy muhokama qilishga ham o‘rin bergan.

Yana bir qiziq jihat - “Oyina” faqat Samarqand uchun chiqarilmagan. Manbalarda uning Kavkaz, Tatariston, Eron, Afg‘oniston, Hindiston va Turkiyagacha yetib borgani qayd etiladi.

Jadidchilik faqat ziyolilarning suhbatlaridan iborat bo‘lmagan. Maktablarni ta’minlash uchun real iqtisodiy tizim ham kerak edi.


1908-yilda Buxoroda “Shirkati Buxoroi sharif” aksiyadorlik jamiyati tashkil etildi.
Uning asosiy vazifalaridan biri yangi maktablar uchun darsliklarni nashr etish edi.

Behbudiy jurnal haqida yozar ekan, juda muhim bir fikrni bildirgan: “majalla bizniki emas, millatnikidur” - ya’ni jurnal shaxsiy loyiha emas, jamiyat uchun minbar bo‘lishi kerak edi.
Shuning uchun jadidlar uchun matbuot oddiy axborot vositasi emas edi. Maktab bolaga bilim bersa, gazeta va jurnal butun jamiyatni o‘qitishi kerak edi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish