Toshkentning har bir ko‘chasiga toza havo olib kirishga qaratilgan tizimli ishlar boshlandi

Bugungi shiddat bilan kechayotgan globallashuv jarayoni dunyo ekotizimini sekin-asta izdan chiqarmoqda. Bu esa tizimli yondashuvni, inson hamda tabiat uyg‘unligiga asoslangan choralarni ko‘rishni taqozo etmoqda.

Shu ma’noda Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon nafaqat poytaxtimizda, balki butun mamlakatimiz bo‘ylab ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish borasida kechiktirib bo‘lmaydigan qat’iy amaliy harakatlarni boshlab bergan tarixiy hujjatdir.

Uning mazmun-mohiyatiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, qator muhim amaliy vazifalar belgilab berilganini ko‘rish mumkin. Xususan, poytaxtda mikroiqlim barqarorligini ta’minlash bo‘yicha yirik loyihalarga start berildi. Uch oy muddatda shaharning to‘rt yo‘nalishi bo‘ylab kamida uchtadan sun’iy ko‘l va suv havzasi barpo etilishi belgilandi. Shu bilan birga, ikki hafta ichida Toshkentdagi favvoralar sonini kamida ikki baravar ko‘paytirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqiladi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, yangi sun’iy ko‘l va suv havzalarini barpo etish faqat aholi uchun dam olish maskanlarini ko‘paytiribgina qolmay, balki shahardagi suv muvozanatini saqlashga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Mutaxassislarning fikricha, bu kabi suv inshootlari havodagi namlikni oshirib, yoz faslidagi kuchli issiqlarni biroz yengillashtiradi. Qolaversa, bu hududlarda ko‘proq daraxt va gullar ekilib, har bir ko‘l yonida kichik yashil bog‘lar barpo etilishi ekologik vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirishga xizmat qiladi.

Favvoralar sonini ikki baravar ko‘paytirish bo‘yicha ishlab chiqiladigan dastur esa shahar infratuzilmasining estetik qiyofasini yaxshilash bilan birga mikroiqlimni me’yorlashtirishda muhim omilga aylanadi. Havo harorati keskin ko‘tariladigan davrlarda favvoralar orqali atmosferadagi tabiiy bug‘lanish jarayoni ham faollashib, ayrim markaziy ko‘chalarda haroratning 1–2 darajaga pasayishiga erishish mumkin.

Umuman olganda, mazkur chora-tadbirlar shaharsozlik siyosatining ekologik yo‘nalishini kuchaytirib, jamoat joylarini inson uchun yanada qulay va xavfsiz qilishga qaratilgan. Ekolog va mutaxassislar bu loyihalar o‘z vaqtida va puxta amalga oshirilsa, Toshkent kelgusi 3–5 yilda Markaziy Osiyoda ekologik barqaror megapolislar qatoriga qo‘shilishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Shuningdek, farmonga muvofiq poytaxtda ekologik muammolarni bartaraf etish va havo sifatini yaxshilash maqsadida maxsus komissiya tuzildi.

Maxsus komissiya zimmasiga bir qator keng qamrovli vakolatlar yuklatildi. Unga muvofiq, tabiiy changlanish kuchaygan davrlarda sanoat korxonalari, transport vositalari, issiqlik ta’minoti tizimlari va boshqa sohalar faoliyatiga cheklovlar joriy etish imkoniyati berildi.

Komissiya, shuningdek, transport harakatini tartibga solish bo‘yicha qator chora-tadbirlarni amalga oshirishi mumkin. Jumladan, Toshkent shahrida yuk tashuvchi avtotransport vositalari harakatini vaqtincha cheklash amaliyotini yo‘lga qo‘yish, avtomobilning davlat raqamiga qarab toq va juft sanalarda harakatlanishini cheklash tizimini joriy qilish (elektromobillar bundan mustasno), shuningdek, qaysi turdagi transport vositalari va qaysi hududlarda harakatlanishi vaqtincha cheklanishini belgilash shular jumlasidandir.

Atmosfera havosiga zararli moddalar chiqaruvchi issiqxonalar va boshqa obyektlar faoliyatini vaqtincha yoki to‘liq to‘xtatish ham komissiya vakolatlariga kiritilgan. Shu bilan birga, Toshkent shahri hududidan tashqariga ko‘chirilishi shart bo‘lgan sanoat korxonalari va sanoat zonalarini aniqlash vazifasi qo‘yildi.

Sanoat korxonalari uchun havoga tashlanadigan moddalarining ruxsat etilgan me’yorlarini belgilash va ushbu talablarni buzgan korxonalar faoliyatini belgilangan tartibda to‘xtatish bo‘yicha chora ko‘rish ham komissiya mas’uliyatiga kiradi.

Qurilish sohasida ham ekologik talablar kuchaytirilib, qurilish ishlarini vaqtincha cheklash yoki ularga qo‘shimcha talablar joriy qilish — masalan, changni kamaytiruvchi maxsus jihozlarni o‘rnatish kabi vazifalar belgilangan.

Komissiya davlat organlari, tashkilotlar, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini ekologik talablar ijrosini ta’minlash maqsadida muvofiqlashtirib boradi. Shuningdek, daryo, kanal va ariqlar kabi suv obyektlari qirg‘oq muhofaza hududlarida har qanday qurilish ishlarini taqiqlash ham uning muhim vakolatlaridan biri hisoblanadi.

Qisqasi, maxsus komissiyaning vakolatlari ekologik vaziyatni yaxshilashda muhim va samarali mexanizm, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Uning vakolatlariga kiruvchi vazifalar ijrosini ta’minlash orqali poytaxtimizda ekobarqarorlikni ta’minlash, havo ifloslanishini sezilarli ravishda kamaytirishga erishiladi, albatta. Zero, komissiya vakolatlari bir-birini to‘ldiruvchi va tizimli ko‘rinishda bo‘lib, ekologik xavflarni kamaytirish, tabiat resurslarini muhofaza qilish va barqaror rivojlanishni ta’minlashda strategik ahamiyatga egadir.

Bir so‘z bilan aytganda, mazkur farmon ijrosi o‘z mohiyatiga ko‘ra Toshkentning har bir ko‘chasi va uyiga toza havo olib kirishi, suv resurslarini muhofaza qilishi hamda kelajak avlod uchun sog‘lom muhitni ta’minlashiga ishonchimiz komil.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish