Turkiy davlatlar tashkiloti umumiy madhiya yaratish ustida ish olib bormoqda. Bu haqda loyiha rahbarlaridan biri, professor Erhan Ozden maʼlum qildi.
Erhan O‘zdenning so‘zlariga ko‘ra, madhiya maxsus marosimlar uchun yoziladi va u turkiy xalqlarni birlashtiruvchi milliy hamda ma’naviy qadriyatlarni o‘zida aks ettiradi. Madhiya matni va musiqasi mutaxassislar guruhi tomonidan ishlab chiqilib, barcha uchun tushunarli va mantiqan mos so‘zlar tanlanadi.
Shuningdek, Turkiy davlatlar san’at sohasida umumiy ensiklopedik lug‘at yaratish bo‘yicha ishlar olib borayotgani qayd etildi. Ushbu lug‘atda turkiy xalqlar o‘rtasida ishlatiladigan san’at terminlari jamlanadi va kelajakda yagona terminologiyani shakllantirishga xizmat qiladi. Lug‘at turli san’at sohalari uchun alohida boblardan iborat bo‘ladi va unda terminlarning kelib chiqishi hamda turkiy xalqlar madaniyatida ishlatilishi haqida ma’lumotlar beriladi.
Ma’lum qilinishicha, lug‘at 1-2 yil ichida, madhiya esa undan oldinroq tayyor bo‘lishi kutilmoqda.