Dunyoda kechayotgan bugungi globallashuv jarayonlari, xususan, ayrim qaynoq nuqtalardagi o‘zaro nizolar, iqlim o‘zgarishlari, migratsiya oqimlari va raqamli transformatsiya insoniyatni jiddiy sinovlarga ro‘baro‘ qilayotganiga bor gap. Bunday sharoitda faqat mamlakatlar hukumatlari emas, balki parlamentlar ham global muammolar yechimini izlashda faol ishtirok etishi zamon talabidir. Shu ma’noda Toshkent shahrida deyarli bir hafta davom etgan Parlamentlararo ittifoqlarning 150-yubiley Assambleyasi va uning yakunlari, ayniqsa Toshkent deklaratsiyasi, nafaqat ramziy, balki amaliy jihatdan ham katta ahamiyatga ega voqealardan biri bo‘ldi.
Ta’kidlash kerakki, nufuzli anjumanning aynan Toshkentda o‘tkazilishi va deklaratsiyaning ham shu nom bilan atalishi – bu O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tibori yuksalib borayotganidan dalolatdir. Binobarin, mamlakatimiz so‘nggi yillarda ochiqlik va o‘zaro hamjihatlikka asoslangan faol ichki hamda tashqi siyosat tufayli xalqaro hamjamiyatda ishonchli va tashabbuskor sherik sifatida nom qozonmoqda.
Parlamentlararo ittifoqning 180 dan ortiq mamlakat parlamenti vakillari Toshkent deklaratsiyasini faol qo‘llab-quvvatladi. Nega? Chunki, ushbu hujjat nafaqat umuminsoniy qadriyatlarni targ‘ib etadi, balki barcha davlatlarni bir maqsad – farovon, adolatli va barqaror kelajak qurish yo‘lida birlashtirishi bilan ahamiyatlidir.
Birinchidan, ushbu xalqaro hujjat parlamentlarni milliy chegaralardan tashqaridagi muammolar – iqlim o‘zgarishi, terrorizm, migratsiya va raqamli xavfsizlik kabi masalalarda ham faol pozitsiyaga ega bo‘lishga chaqiradi. Misol uchun iqlim o‘zgarishini olaylik. Bugungi ilm-fan, texnologiya taraqqiyoti davriga qaramasdan, ta’sir doirasi butun dunyoni qamrab olgan, insoniyatning kelajakdagi ijtimoiy taraqqiyotini belgilab beradigan muammolar vujudga kelmoqda. Iqlim o‘zgarishi ana shunday keng tarqalayotgan global muammolardan biri bo‘lib, buning natijasida yana bir qancha global muammolar, jumladan, oziq-ovqat inqirozi vujudga kelayotir. Ayniqsa, keyingi yillarda sayyoramiz bo‘ylab global isish, kuchli shamol, qurgo‘qchilik, suv toshqinlari va yong‘inlar yanada ko‘proq sodir bo‘la boshladi, muzliklar erishi kuchaydi. Bu kabi iqlim o‘zgarishlari bir qator salbiy oqibatlarga olib kelmoqda. Toshkent deklaratsiyasida dunyo parlamentlari yuqoridagi muammolarni oldini olishga qaratilgan qat’iy qonunchilik bazasini kuchaytirish lozimligi va bu borada birdamlikda ish ko‘rish muhimligi ta’kidlangan.
Ikkinchidan, hujjatda ijtimoiy adolat masalasi markaziy o‘rinda turibdi. Bu – kambag‘allikni kamaytirish, ta’lim va tibbiyotga teng imkoniyatlar yaratish, mehnat huquqlarini himoya qilish hamda ayollar va yoshlarning siyosiy jarayonlardagi ishtirokini kengaytirishni nazarda tutadi.
Uchinchidan, hujjatda “Bir mamlakat muammosi – butun insoniyat muammosi” tamoyili ham mujassam bo‘lib, global muammolarga lokal yechimlar emas, balki birgalikdagi siyosiy iroda bilan yondashish zarurligi qayd etilgan. Buning uchun xalqaro parlament platformalari, mintaqaviy yig‘ilishlar va onlayn formatdagi munozaralar muhim vosita sifatida qayd etilgan. Bu har bir soha tezlik bilan kirib kelayotgan raqamlashuv va texnologik inqilob davrida parlamentlar faoliyatini ham bunga mos ravishda tashkil etish vaqti keldi deganidir. Ana shunda parlament sessiyalarini bir necha yil kutib, faqat zallarda emas, balki onlayn ko‘rinishda va tez-tez o‘tkazish hamda muhim masalalar yuzasidan zarur qarorlar qabul qilish imkoniyati yanada kengayadi.
Bir so‘z bilan aytganda, deklaratsiya faqatgina kelishuvlar to‘plami emas, balki mavjud global muammolarni birgalikda hal qilishga undovchi, parlament diplomatiyasi sohasida yangi davrni boshlab berayotgan xalqaro hujjatdir.