Mustaqillik munosib hayot kechirish huquqini kafolatlaydigan tarixiy ne’matdir.
Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaror eng ulug‘, eng aziz sanaga munosib ehtirom ramzi, mustaqillikka bo‘lgan qadriyatimizning yuksak ifodasi bo‘ldi. Bu qaror nafaqat bayram tadbirlari konsepsiyasi, balki Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning hayotiy natijalarini, mustaqillikning amaliy samaralarini har bir inson qalbiga yetkazishni ko‘zda tutadi.
Mustaqillikning 34 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirlari “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan holda o‘tkazilishi belgilandi.
So‘nggi sakkiz yilda Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar asosida mamlakat ijtimoiy hayotida tom ma’nodagi yuksalish kuzatildi. Bu jarayonlar nafaqat iqtisodiy o‘sish, balki inson qadrini ulug‘lash, barcha fuqarolar uchun teng imkoniyatlar yaratish, ijtimoiy himoya mexanizmlarini kuchaytirish orqali xalq farovonligini ta’minlashga qaratilgan.
Ayniqsa, ta’lim, sog‘liqni saqlash, uy-joy, yoshlar siyosati, madaniyat va sport kabi sohalarda amalga oshirilgan islohotlar – mustaqillik sharofati bilan shakllangan siyosiy-huquqiy zaminning amaldagi natijalaridir.
Mustaqillik bizga ijtimoiy adolat va inson huquqlarini ustuvor qadriyatga aylantirish imkonini berdi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada davlatning “ijtimoiy xarakterga” ega ekani mustahkamlangani ham bu siyosatning davomiyligini tasdiqlaydi.
Davlat tomonidan kambag‘allikni qisqartirish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, pensiya va nafaqalarni bosqichma-bosqich oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilmoqda. Masalan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” kabi mexanizmlar orqali millionlab insonlar manzilli ijtimoiy yordam bilan qamrab olinmoqda.
Shu bilan birga, aynan mustaqillik, barcha siyosiy-huquqiy kafolatlarni o‘zida mujassam etgan holda, “O‘zbekiston – 2030” strategiyamizni amalga oshirish, jamiyatimizda tinchlik, do‘stlik va hamjihatlik muhitini kuchaytirish, inson qadri, huquq va manfaatlarini ta’minlash, mintaqamizda yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini yanada rivojlantirish, dunyo mamlakatlari bilan faol hamkorlik qilish, Vatanimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishda beqiyos tayanch bo‘lib xizmat qilmoqda.
Prezident qarorida “Yoshlar – Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” shiori alohida urg‘u bilan tilga olingan. Bu tasodif emas. Chunki istiqlolda o‘sgan avlod bugun yangi taraqqiyot pog‘onalariga yetaklayotgan kuchga aylangan. Yoshlar uchun IT bilimlari, chet tillarini o‘rgatish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, xorijiy universitetlarda ta’lim olish imkoniyatlari kengaytirilmoqda. Prezident tashabbusi bilan dunyoning TOP-300 oliygohlarida o‘qiydigan talabalarining barcha xarajatlari davlat tomonidan qoplanishi – bunga yaqqol misoldir.
Qolaversa, mustaqillik tufayli sog‘liqni saqlash tizimida ham tub islohotlar amalga oshirildi. Zamonaviy klinika va markazlar tashkil etildi, tez tibbiy yordam xizmati, onkologiya va perinatal yordam tizimlari qayta tashkil qilindi. Hatto chekka hududlardagi aholi ham davlat tibbiy xizmatidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Sport sohasidagi yutuqlar ham istiqlol mevasidir. 2025 yilda futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy va o‘smirlar terma jamoalarining jahon chempionatiga chiqqani, Parij Olimpiadasida sportchilarimiz ilk bor kuchli o‘n beshlikka kirgani – mustaqil davlatning yaqqol yutug‘idir. Muhimi, bu kabi ijobiy yutuqlarimizga ko‘plab misollar keltirish mumkin.
Xulosa qilib aytganda, mustaqillik – bu faqat siyosiy maqom emas, balki millatning erkin nafas olishi, o‘z salohiyatini yuzaga chiqarishi, har bir insonning munosib hayot kechirish huquqini kafolatlaydigan tarixiy ne’matdir.
Prezident qarorida belgilab berilgan vazifa va yo‘nalishlar – mustaqillikning xalqimiz hayotida qanday ulkan ahamiyatga ega ekanini yana bir bor tasdiqlaydi. Endi oldingi kabi emas – endi o‘z yo‘li, o‘z pozitsiyasi, o‘z modeliga ega davlat sifatida Yangi O‘zbekiston istiqlol bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tarmoqda.