Keyingi yillarda mamlakatimizda ta’lim tizimini tubdan o‘zgartirish, uni xalqaro standartlarga integratsiyalash, mehnat bozori talabiga mos yuqori malakali mutaxassis kadrlar tayyorlash bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, ta’lim tizimini kompleks rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlash, bitiruvchi talaba yoshlarning bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilyapti. Bu esa o‘z navbatida oliy ta’lim muassasalarini yakunlayotgan yoshlarning mehnat bozoriga to‘g‘ri va samarali integratsiyalashuviga xizmat qilmoqda.
Xorazm viloyatida olib borilayotgan keng qamrovli va tizimli ishlar ham e’tiborga molikdir.
Hozirda viloyat hududida 7 ta oliy ta’lim muassasasi faoliyat yuritmoqda. 2024–2025 o‘quv yili yakunlariga ko‘ra, ularning 6 tasini viloyatda doimiy ro‘yxatda turgan 8206 nafar talabalar muvaffaqiyatli bitirdi. Shuningdek, boshqa viloyatlardagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olgan, biroq viloyatda doimiy ro‘yxatda bo‘lgan yana 5852 nafar bitiruvchi mavjud bo‘lib, umumiy hisobda 14 058 nafar oliy ma’lumotli yoshlar mehnat bozoriga kirib kelishi kutilayotgan edi. Bu raqamlar bandlik sohasidagi vazifalar ko‘lamining qanchalik kengligini anglatadi.
Bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash, ularning sohalar kesimida maqsadli yo‘naltirilishi va manzilli ish olib borish maqsadida bir qator tashkiliy ishlar amalga oshirilganini ta’kidlash joiz. Jumladan, tegishli boshqarmalar va tashkilotlar rahbarlaridan iborat maxsus viloyat shtabi va tuman (shahar) shtablari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu shtablar orqali bitiruvchilarning mutaxassisliklari, ularning istiqbolda qaysi sohalarda faoliyat yuritishi, mehnat bozoridagi ehtiyojlar bilan muvofiqlashuv darajasi o‘rganildi.
Viloyatda doimiy ro‘yxatda turgan va mahalliy oliy ta’lim muassasalarini yakunlayotgan 8206 nafar bitiruvchi uchun maxsus kadrlar balansi tuzildi. Ushbu balans orqali har bir bitiruvchining kasbiy yo‘nalishi, ishga tayyorgarlik darajasi va ehtimoliy bandlik imkoniyatlari baholandi. Shuningdek, mehnat organlari tomonidan 2805 nafar ishsiz yoshlar manzilli ro‘yxatga olinib, ularni ish bilan ta’minlashga qaratilgan individual rejalar ishlab chiqildi.
Umuman olganda, bu jarayonda turli toifadagi yoshlarga alohida yondashilmoqda. Masalan, o‘qishdan chetlashtirilgan 1017 nafar yoshning keyingi taqdiri, ularni qayta ta’limga jalb qilish yoki kasb-hunar o‘rgatish orqali mehnat bozoriga qaytarish masalalari ko‘rib chiqilmoqda. Shuningdek, 35 nafar nogiron bitiruvchi, 537 nafar o‘zini o‘zi band qilgan shaxs va 683 nafar ikki yoshgacha bola tarbiyasida bo‘lgan yosh onalar qayta xatlovdan o‘tkazilmoqda. Ular uchun davlat dasturlari, subsidiyalar va imtiyozli mehnat mexanizmlari doirasida alohida yechimlar taklif etilmoqda.
Boshqa viloyatlardagi oliy ta’lim muassasalarini bitirgan 5832 nafar yosh ham mehnat bozoriga kirib kelishi kutilmoqda. Ular uchun ham manzilli ro‘yxatlar shakllantirilib, mutaxassisliklar va malaka darajasi bo‘yicha tahlil olib borildi. Bu orqali ish beruvchilarga maqsadli ravishda kadrlar tavsiya etish mexanizmi ishlab chiqildi.
2024–2025 o‘quv yili yakunlariga ko‘ra, umumiy 14 058 nafar bitiruvchidan 8715 nafari (ya’ni 62 foizi) ish bilan ta’minlandi. Bu raqam viloyat darajasidagi mehnat bozorining ma’lum darajada bitiruvchilarni qabul qilish salohiyatiga ega ekanligini ko‘rsatadi. Biroq, qolgan 5343 nafar yoshning bandligi hali ta’minlanmagani bu yo‘nalishdagi ishlarni yanada chuqurlashtirish talab etilishini anglatadi.
Bu yerda ikki muhim jihatga e’tibor qaratish zarur. Birinchisi – yoshlarning mutaxassisligi mehnat bozoridagi talablariga mos kelmasligi, ikkinchisi – ularning tadbirkorlik faoliyatiga jalb etilish darajasining pastligidir. Bu muammolarni hal etish uchun qayta tayyorlash kurslari, kasbga yo‘naltirish markazlari va biznesni boshlash uchun subsidiyalar mexanizmlarini kengaytirish zarur. Shuningdek, davlat va xususiy sektor o‘rtasida kadrlar tayyorlashdagi hamkorlikni yanada mustahkamlash orqali yoshlarni ish bilan ta’minlash darajasini oshirish mumkin.
Asosiysi viloyatda bitiruvchilar bandligini ta’minlash masalalariga jiddiy yondashilmoqda. Rasmiyatchilik uchun nomigagina ishga joylab qo‘yish holatlari yoki undan ham yomoni – quruq statistika uchun qo‘shib yozishlarga mutlaqo yo‘l qo‘yilmayapti. Shu bois, tegishli elektron bazalarga kiritilgan ma’lumotlar haqqoniyligi o‘rganib borilmoqda. Hududiy ishchi guruhlar bilan birga bitiruvchilarni ishga joylash bilan bog‘liq jarayonlarda yuzaga keladigan muammolarni tezkorlik bilan hal etish choralari ko‘rilmoqda. Ta’lim, tibbiyot kabi muhim ijtimoiy sohalarda bir hududdan boshqa hududga borib ishlashiga to‘g‘ri kelgan bitiruvchilar uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishi hudud rahbarlarining doimiy e’tiborida bo‘lib kelmoqda. Bu boradagi ishlar holatini ishchi tartibda muhokama qilib borilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, viloyatda oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash bo‘yicha tizimli va manzilli ishlar olib borilmoqda. Har bir yoshning ijtimoiy, iqtisodiy va kasbiy imkoniyatlarini to‘liq ro‘yobga chiqarishi uchun davlat tomonidan yaratilayotgan shart-sharoitlardan unumli foydalanish va bu jarayonda barcha tegishli tashkilotlarning hamkorlikda ish olib borishi muhim ahamiyatga ega. Qolaversa, bugungi yoshlarning bandligini ta’minlash – ertangi kun taraqqiyotining poydevoridir.