Yangi O‘zbekistondagi xalqchil islohotlarga xolis va haqqoniy baho berilgan tarixiy asar

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli xalqchil islohotlar birinchi navbatda xalqimiz tomonidan ko‘tarinki ruhda kutib olinib, unga ijobiy baho berilgan bo‘lsa, endilikda xorij ziyolilari va tadqiqotchilari orasida ham katta qiziqish uyg‘otayotgani ayni haqiqat. Bu borada pokistonlik taniqli yozuvchi va tahlilchi Muhammad Abbos Xon qalamiga mansub “O‘zbekiston: Uchinchi Renessans — taraqqiyot konsepti” nomli kitobni tilga olish adolatdan bo‘ladi. Asar yurtimizda kechayotgan tub o‘zgarishlarni tashqi kuzatuvchiga xos xolislik, chuqur intellektual tahlil va keng tafakkur asosida yoritilgani bilan nihoyatda ahamiyatlidir.

Mazkur asarda keyingi sakkiz yilda mamlakatimizda olib borilayotgan hayotiy islohotlar uzoq muddatli taraqqiyot strategiyasi sifatida ochib berilgan. Muallif qonun ustuvorligi, ochiq jamiyat, dinlararo bag‘rikenglik, so‘z erkinligi va fuqarolik jamiyati institutlarini Uchinchi Renessansning institutsional asoslari sifatida tahlil qiladi. Uning ta’kidlashicha, renessans faqat buyuk allomalar yetishib chiqishi bilan emas, balki erkin fikr muhiti mavjud bo‘lgan jamiyatda barqaror shakllanadi.

Kitobda inson kapitaliga alohida urg‘u berilgan. Xususan, ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, oliy ta’limni xalqaro standartlarga moslashtirish, ilm-fanni iqtisodiy taraqqiyot bilan bog‘lash kabi masalalarning Uchinchi Renessansning hal qiluvchi omillari ekani ta’kidlangan. Bu borada, ayniqsa, yoshlarning keng dunyoqarashi, ijodiy tafakkuri va global raqobatga tayyorligi masalasi asarda alohida falsafiy ruhda yoritilgan.

Shu bilan birga, muallif ma’naviyat va axloq masalasini e’tibordan chetda qoldirmagan. Uning fikricha, axloqiy qadriyatlardan uzilgan texnologik taraqqiyot jamiyatni ma’naviy inqirozga olib kelishi mumkin. Shu ma’noda, O‘zbekistonda milliy an’analar, islom ma’naviyati va umuminsoniy qadriyatlarni uyg‘unlashtirishga qaratilgan siyosat asar muallifi tomonidan ijobiy baholangan.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Muhammad Abbos Xonning pokistonlik yozuvchi ekani kitob qiymatini yanada oshiradi. U O‘zbekiston tajribasini Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan qiyoslab, islom sivilizatsiyasi doirasida zamonaviy taraqqiyotga erishish mumkinligini ko‘rsatadi. Asarda faqat yutuqlar emas, balki hal qilinishi lozim bo‘lgan vazifalar ham qayd etiladi. Jumladan, ta’lim sifatini oshirish, ilm-fanni qo‘llab-quvvatlash va intellektual mustaqillikni mustahkamlash masalalari kelajakdagi muhim chaqiriqlar sifatida tilga olingan.

Kitob O‘zbekistonni faqat milliy davlat sifatida emas, balki mintaqaviy barqarorlik va madaniy muloqot markazi sifatida ochib bergani bilan ahamiyatlidir. Ya’ni Uchinchi Renessans g‘oyasi O‘zbekistonning tashqi dunyo bilan intellektual va ma’naviy aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Muallif Uchinchi Renessans g‘oyasini ilgari surgan Prezident Shavkat Mirziyoyevning falsafiy platformasi va strategik qarashlarini atroflicha ochib bergan. Qarama-qarshilik o‘rniga hamkorlik, jaholat emas — ma’rifat, dushmanlik kayfiyati o‘rniga ishonchni nazarda tutuvchi O‘zbekistonning yangi gumanistik yondashuvini alohida e’tirof etadi. Aslida, bu Yangi O‘zbekistonning butun dunyoga yo‘llagan asosiy da’vatidir.

Tan olish kerak, bugungi O‘zbekistondagi islohotlarning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi va ma’naviy qarashlariga bog‘liqdir. Kitobda alohida qayd etilganidek, Prezident fenomeni faqat islohotchi yoki pragmatik rahbar sifatida emas, balki jamiyatning ma’naviy-axloqiy rivojiga mas’uliyat bilan yondashadigan yetakchi sifatida talqin qilingan.

Kitobda keltirilgan yana bir muhim mulohazalardan biri shundaki: “Jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, joni va ruhi ma’naviyatdir.” Muhammad Abbos Xon ushbu fikrni O‘zbekistondagi amaliy siyosat bilan bog‘lab, iqtisodiy islohotlar ma’naviy negizga tayanmas ekan, ular barqaror va samarali bo‘lolmasligini ta’kidlaydi. Uning fikricha, Prezident Shavkat Mirziyoyev aynan shu muvozanatni ta’minlashga intilmoqda. Ya’ni iqtisodiy o‘sish bilan birga ma’naviy yangilanishni ham davlat siyosati darajasiga ko‘tarmoqda.

Kitobda “Uchinchi Renessans” g‘oyasi atroflicha tahlil qilinib, uning markazida inson omili turgani alohida qayd etilgan. Ya’ni O‘zbekistondagi islohotlar nafaqat iqtisodiy ko‘rsatkichlarni yaxshilash, balki xalqning ma’naviy birdamligini mustahkamlash, milliy o‘zlikni anglash va inson salohiyatini rivojlantirishga yo‘naltirilgan. Shu ma’noda, muallif Prezidentning ta’lim, yoshlar siyosati, madaniyat va ilm-fan sohalariga qaratilgan tashabbuslarini Uchinchi Renessans g‘oyasining amaliy ifodasi sifatida baholaydi.

Haqiqatan ham “Yangi O‘zbekiston” tushunchasi aynan Prezident rahbarligida ma’naviy va iqtisodiy islohotlarning uyg‘unligi asosida shakllanmoqda. Xususiy sektorni rivojlantirish, innovatsiya va kreativ iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash orqali xalqning moddiy farovonligi oshirilayotgan bir paytda, ta’lim va ma’naviyat sohasidagi o‘zgarishlar insonning ichki dunyosi va tafakkurini yangilamoqda. Aynan mana shu jihatlar kitobda Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining eng muhim yutuqlaridan biri sifatida qayd etilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, Muhammad Abbos Xonning “O‘zbekiston: Uchinchi Renessans — taraqqiyot konsepti” kitobida mamlakatimizda keyingi yillarda inson qadrini yuksaltirish borasida olib borilgan shiddatli, xalqchil va hayotiy islohotlar xolis va haqqoniy talqin qilingan. Asar O‘zbekistonni o‘z tarixiy ildizlariga tayangan holda global kelajakka intilayotgan mamlakat sifatida yaqqol tasvirlaydi. Qolaversa, Uchinchi Renessans g‘oyasini nafaqat O‘zbekiston uchun, balki umuminsoniy taraqqiyot jarayonining tarkibiy qismi sifatida e’tirof etadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish