Yaponiya O‘zbekistonning Osiyodagi eng ishonchli va uzoq muddatli hamkori

Darhaqiqat shunday. O‘zbek va yapon xalqlarini mentalitetlar, urf-odatlar va oilaviy qadriyatlar o‘xshashligi bog‘lab turadi. Bu jihatlar o‘zbek va yapon xalqlarining bir-birini yaxshiroq anglashiga va yaqinlashishiga zamin yaratmoqda.

Rasmiy Tokio Toshkentni geografik joylashuvi va iqtisodiy salohiyati jihatidan Markaziy Osiyo mintaqasidagi muhim hamkor sifatida ko‘radi. Buyuk Ipak yo‘li davridan boshlab shakllangan savdo va madaniy aloqalar bugungi kunda strategik sheriklik, iqtisodiy hamkorlik va chuqur insoniy rishtalar bilan boyib bormoqda.

Davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik sifat jihatidan yangi mazmun kasb etib, Yaponiya kompaniyalari ilgari asosan pudrat loyihalarida ishtirok etgan bo‘lsa, bugungi kunda mamlakat iqtisodiyotiga faol investitsiya kiritgan holda, qo‘shma korxonalar yaratmoqda, boshqaruv, texnologiyalar transferi va milliy kadrlarni tayyorlashga o‘z hissasini qo‘shyapti. Savdo-iqtisodiy ko‘rsatkichlarda ham ijobiy sur’at kuzatilmoqda.
Ikki mamlakatning ko‘p qirrali hamkorligida parlamentlararo munosabatlar ham muhim o‘rin tutadi. So‘nggi yillarda ikki tomonlama parlamentlararo aloqalar sur’ati sezilarli ravishda faollashdi. Do‘stlik guruhlari faoliyati jonlanib, qonun ijodkorligi, parlament nazorati yo‘nalishlarida tajriba almashilyapti. Xususan, joriy yil aprel oyida poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo Ittifoqning 150-Assambleyasida Yaponiya Parlamenti Vakillar palatasi a’zolari faol ishtirok etgan bo‘lsa, may oyida Qonunchilik palatasi Spikeri boshchiligidagi delegatsiya Tokioda navbatdagi parlamentlararo forumda qatnashdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaichining taklifiga binoan ushbu mamlakatga rasmiy tashrifi O‘zbekiston — Yaponiya do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash yo‘lidagi muhim voqea bo‘lib, ikki tomonlama munosabatlarda tub burilish yasadi.

Tashrif doirasida davlatimiz rahbarining Yaponiya Parlamentining Vakillar palatasi spikeri bilan uchrashuvi o‘zaro munosabatlarni chuqurlashtirishda muhim qadam bo‘ldi va bu ikki tomonlama hamkorlikni barqaror va uzoq muddatli rivojlantirishga xizmat qilishi, shubhasiz.

Davlatimiz rahbarining Yaponiyaга rasmiy tashrifining ishbilarmonlik dasturiga muvofiq, ushbu mamlakatning yetakchi kompaniyalari, moliya institutlari va biznes uyushmalari rahbarlari bilan uchrashuvi esa O‘zbekiston — Yaponiya biznes va investitsiya munosabatlarida “yangi faza” boshlanganini ko‘rsatmoqda. Bunday uchrashuvlar iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Chunki Yaponiya yuqori texnologiyalar, innovatsiya, sanoatni modernizatsiya qilish va sifatli boshqaruv tajribasi bilan dunyoda yetakchi davlatlardan biri bo‘lib, yapon kompaniyalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot O‘zbekiston iqtisodiyotiga ilg‘or texnologiyalar va zamonaviy ishlab chiqarish standartlarini jalb etish imkonini kengaytiradi. O‘z navbatida, bu xususiy sektor o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish, qo‘shma korxonalar tashkil etish, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun yangi imkoniyatlar yaratib, ish o‘rinlari yaratilishi va eksport salohiyatining o‘sishiga xizmat qiladi.

Albatta, mazkur uchrashuvlar yirik investitsiya loyihalarini moliyalashtirish, infratuzilma, energetika, transport, sanoat va ijtimoiy sohalarda uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlash nuqtai nazaridan juda muhim bo‘lib, O‘zbekistonning ochiq, ishonchli va investitsiyalar uchun jozibador davlat sifatidagi xalqaro imijini mustahkamlaydi.

Prezidentimizning Yaponiya ishbilarmonlarini sanoatlashtirishni tezlashtirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va eksport salohiyatini kengaytirishga qaratilgan O‘zbekiston iqtisodiyotini modernizatsiya qilish jarayonlarida faol ishtirok etishga taklifi muhim ahamiyatga ega. Bu sanoatlashtirishni tezlashtirish, raqamli texnologiyalar, robototexnika, mashinasozlik, “yashil” energetika va kimyo sanoati kabi sohalarga zamonaviy yechimlarni joriy etishga xizmat qiladi.

Yaponiya bilan iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish investitsiya muhitini yaxshilash barobarida, mamlakatimizga bo‘lgan ishonchni oshirib, boshqa rivojlangan davlatlar uchun ham ijobiy signal vazifasini o‘taydi. Shu nuqtai nazardan aytganda, bu taklifni O‘zbekistonni yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqaradigan, raqobatbardosh va innovatsion iqtisodiyotga aylantirish yo‘lida muhim qadam, deyish mumkin.

Bugun O‘zbekiston va Yaponiya munosabatlarida o‘ziga xos tarixiy sahifa ochildi. O‘zaro munosabatlari — bu faqat diplomatik aloqalar emas, balki chuqur tarixiy xotira, madaniy yaqinlik va strategik manfaatlar uyg‘unligidir. Ushbu tashrif esa shubhasiz, ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash va Markaziy Osiyoning global geosiyosiy maydonda yanada muvozanatli ishtirokchiga aylanishiga xizmat qiladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish