“Yashil makon” kelajak uchun qo‘yilgan muhim qadam

Bugungi globallashuv sharoitida ekologik muammolar milliy chegaralardan chiqib, butun insoniyat uchun umumiy xavfga aylanib bormoqda. Iqlim o‘zgarishi, cho‘llanish, havo ifloslanishi kabi tahdidlar har bir davlat oldiga aniq va kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalarni qo‘ymoqda.

Mana shunday murakkab davrda daraxt va butalarning inson hayotidagi o‘rni beqiyos. Ular nafaqat atrof-muhitni bezaydi, balki inson salomatligi, iqlim barqarorligi va hayot sifati uchun ham muhim omil hisoblanadi. Shu maʼnoda, bugun Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi keng qamrovli va uzoq muddatli davlat siyosatiga aylandi.

So‘nggi yillarda bu borada erishilgan natijalar eʼtiborga molik. Har yili 200 million tup ko‘chat ekilib, qisqa davrda yuz millionlab nihollar yerga qadalganligi ekologik muhitni yaxshilashda muhim omil bo‘ldi. Ayniqsa, Orolning qurigan tubida 2 million gektar maydonda himoya o‘rmonzorlari barpo etilgani global ekologik muammoni yumshatishga xizmat qilmoqda. Natijada, mamlakatimizda yashillik darajasi 8 foizdan 14,2 foizga oshdi.

Bugungi “Yashil makon” loyihasi doirasida o‘tkazilgan tadbirda esa kelgusiga mo‘ljallangan aniq maqsad va vazifalar belgilab berildi. Xususan, 2030-yilgacha yashillik darajasini 30 foizga yetkazish, “yashil makon” va “yashil devor” kabi yirik loyihalarni amalga oshirish orqali ekologik muvozanatni tiklash ustuvor vazifa sifatida qayd etildi.

Iqlim o‘zgarishi va cho‘llanish xavfi ortib borayotgan bugungi sharoitda Milliy dendrologiya bog‘ining barpo etilishi alohida ahamiyat kasb etadi. 108 gektar maydonda tashkil etilayotgan ushbu bog‘ nafaqat yashil hudud, balki ilmiy markaz sifatida ham xizmat qiladi. “In-vitro” laboratoriyasi, dorivor o‘simliklar va seleksiya markazlarining tashkil etilishi “ilm – loyiha – amaliyot” integratsiyasini taʼminlab, ekologiya va o‘rmonchilik sohalarida zamonaviy yondashuvni kuchaytiradi.

Shuningdek, cho‘llanishga qarshi innovatsion yondashuvlar, xususan, galofit o‘simliklar ekish orqali sho‘rlangan yerlarni tiklash, Orolbo‘yi hududida keng ko‘lamli o‘rmonzorlar barpo etish nafaqat ekologik, balki ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni taʼminlashga ham xizmat qiladi.

Daraxt ekishda ilmiy yondashuvning qo‘llanilishi, xususan, allergologiya markazlari tavsiyalarining inobatga olinishi aholining salomatligini himoya qilishga xizmat qiladi. Bu esa ekologik siyosatda inson manfaatlari ustuvor ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.

Eng asosiysi, ushbu tashabbuslar milliy qadriyatlarimiz bilan uyg‘un holda amalga oshirilmoqda. Xalqimiz azaldan daraxt ekishni savob va ezgu amal deb bilgan. Bugun bu qadriyat zamonaviy yondashuvlar bilan boyitilib, keng ko‘lamli umummilliy harakatga aylantirilmoqda.

“Yashil makon” loyihasi - globallashuv davrida ekologik xavfsizlikni taʼminlash, milliy manfaatlarni himoya qilish va kelajak avlod uchun sog‘lom muhit yaratishga qaratilgan strategik yo‘nalishdir. Bu ezgu tashabbuslarda faol ishtirok etish esa har birimizning kelajak oldidagi muhim burchimizdir.

Zero, har bir ekilgan ko‘chat - bu nafaqat bugungi kun, balki butun insoniyat kelajagi uchun qo‘yilgan muhim qadamdir. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, yaxshi niyatda ekilgan har bir ko‘chat bu - hayot, bu - toza havo, bu - sog‘lom muhit, bu - kelajak demak!

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish