Yoshlar - Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz yoshlari bilan uchrashuvi davlat rahbarining navqiron avlodga, millatning ertangi kuni va kelajak bunyodkorlariga bo‘lgan cheksiz ishonchi, mehri va yuksak e’tiborining yorqin ifodasi bo‘ldi. Ushbu muloqot yoshlar qalbida yangi orzu-umidlar uyg‘otib, ularni Vatan ravnaqi yo‘lida yanada dadil qadam tashlashga, yuksak marralar sari intilishga ruhlantirdi.

Uchrashuvda aytilganidek, so‘nggi yillarda bu borada mutlaqo yangi tizim yaratildi. Har bir mahallada yoshlar yetakchilari faoliyati yo‘lga qo‘yildi, yigit-qizlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, bandligi, ta’limi, kasb-hunar egallashi va tadbirkorlik boshlashi uchun keng imkoniyatlar ochildi. Bu tizim esa ularning hayotda o‘z o‘rnini topishi, bilimli, kasbli, tashabbuskor va faol fuqaro bo‘lib shakllanishiga xizmat qilmoqda.

Faol islohotlar samarasi bugun yoshlar hayotida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Xususan, “Yoshlar daftari” orqali 1,5 million nafar yigit-qizning muammosi hal etildi, ularning orzu-intilishlariga amaliy ko‘mak berildi. Yosh tadbirkorlar safi 5 barobar kengayib, ularning soni 287 ming nafardan oshdi. Bu kabi misollar mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaliy ifodasi ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.

Har yili 500 ming nafar o‘g‘il-qizni zamonaviy kasbga o‘qitishga qaratilgan “Kelajak bilimlari ekotizimi” yo‘lga qo‘yilishi shubhasiz, yosh avlodni kelajak talab etayotgan bilim, ko‘nikma va kasblar bilan qurollantirishga xizmat qiladi. O‘quv markazlari tashkil etish istagidagi yoshlarga yer va davlat obyektlari imtiyozli shartlarda berilishi, zarur infratuzilma davlat hisobidan yaratilishi yosh avlodning ta’lim sohasidagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga turtki beradi. Bu orqali yigit-qizlar uchun keng imkoniyatlar ochilib, zamonaviy kasb va ko‘nikmalarni o‘rgatuvchi o‘quv markazlari soni ortadi, ta’lim xizmatlari sifati yuksalib, jamiyatda ilm-ma’rifat muhiti yanada mustahkamlanadi.

Yoshlarni munosib rag‘batlantirish, ularni ezgu maqsadlar atrofida birlashtirishga qaratilgan “O‘zbekiston yoshlar ligasi” platformasining ishga tushirilishi ming-minglab yigit-qizlarimizning qalbidagi orzu-intilishlarga hamohang tashabbus bo‘ldi. Zero, ushbu platforma orqali yoshlarning ta’lim, kasb-hunar, tadbirkorlik, ilm-fan va jamoatchilik faoliyatida erishayotgan natijalari xolis baholanadi. Yuqori natijaga erishgan yoshlar esa grant, kontraktga chegirma, kasb vaucheri, imtiyozli kredit, xorijiy stajirovka, kadrlar zaxirasiga kirish va ipoteka bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bo‘ladi. Bu esa yosh avlodni yanada faol, tashabbuskor va yangi maqsadlar sari intiluvchan bo‘lishga undaydi.

Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishda Bank-moliya akademiyasi “aql markazi” sifatida belgilangani ham nihoyatda to‘g‘ri qaror bo‘ldi. Akademiya tinglovchilari hududlarda tayyor biznes loyihalarni shakllantirsa, Yoshlar tadbirkorligi jamg‘armasi ularni qulay shartlarda yoshlarga taklif qilib, ularning o‘z ishini boshlashiga amaliy ko‘mak beradi. Jamg‘armaning yuqori daromad keltiradigan, ko‘plab ish o‘rinlari yaratishga qodir istiqbolli loyihalarga 5 milliard so‘mgacha investitsiya kiritishi yosh tadbirkorlar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi.

Yoshlar bilan uchrashuv bir haqiqatni muhrladi: davlatimiz rahbari har bir yoshning eng yaqin maslahatchisi, suyanchi va g‘oyadoshidir. Bugun yaratilgan imkoniyatlar — bu tarix beradigan kamyob imkoniyat. Yoshlar uchun yangi imkoniyat va imtiyozlar mamlakat kelajagiga kiritilayotgan strategik sarmoyadir. Bu o‘z navbatida, ularning bilim olishi, kasb egallashi, tadbirkorlik qilishi va jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun zamin yaratadi. Eng muhimi, bu yoshlar qalbida Vatan taqdiriga daxldorlik, islohotlarga sheriklik va kelajak uchun mas’uliyat hissini yanada kuchaytirdi.

Davlatimiz yoshlarni faqat ertangi kun egalari sifatida emas, balki bugungi islohotlarning to‘laqonli ishtirokchisi, yangi g‘oyalar va innovatsion yechimlar muallifi sifatida ko‘rmoqda. Uchrashuvda ilm-fan, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, muhandislik, ekologiya, tadbirkorlik, madaniyat va kitobxonlik sohalarida o‘z salohiyatini namoyon etayotgan yoshlarning tashabbuslari qo‘llab-quvvatlangani ana shu yondashuvning yorqin tasdig‘idir.

Mamlakatimiz yoshlarining takliflari e’tibor bilan tinglanib, ularni hayotga tatbiq etish yuzasidan mas’ullarga aniq vazifalar belgilab berilgani davlat va yoshlar o‘rtasidagi ishonchli muloqotning yangi, yanada yuksak bosqichga ko‘tarilganidan dalolat beradi.

Har bir innovatsion loyiha, har bir startap va har bir ijtimoiy tashabbus zamirida Vatan taqdiriga befarq bo‘lmagan, o‘z bilimi, iqtidori va salohiyatini yurt ravnaqiga bag‘ishlashni ezgu maqsad qilgan yoshlarning orzu-intilishlari mujassam. Bunday tashabbuslarning davlat darajasida e’tirof etilishi minglab yigit-qizlar qalbida ishonch uyg‘otib, ularga yangi marralar sari ilhom va ulkan rag‘bat bag‘ishlaydi.

Xulosa qilib aytganda, davlatimiz rahbarining yoshlar bilan uchrashuvi mamlakatimizda yosh avlodga qaratilayotgan yuksak e’tibor, ishonch va g‘amxo‘rlikning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi. Muloqotda bildirilgan fikrlar, ilgari surilgan tashabbuslar esa yoshlarning bilim olishi, kasb-hunar egallashi, zamonaviy texnologiyalarni puxta o‘zlashtirishi uchun yanada keng imkoniyatlar ochadi. Zotan, yoshlar - yangi tarix yaratadigan oltin avloddir.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish