BMTning barqaror rivojlanish bo‘yicha hamkorlik dasturi boshqaruv qo‘mitasining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

28.03.2026 12:03
1116

Toshkent shahrida Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2026–2030-yillarga moʻljallangan Barqaror rivojlanish boʻyicha hamkorlik dasturi Boshqaruv qoʻmitasining ilk yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda BMT tizimi vakillari ishtirok etdi.

 

Yigʻilish davomida Oʻzbekistonning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish boʻyicha ustuvor vazifalari va kelgusi besh yilga moʻljallangan hamkorlik yoʻnalishlari muhokama qilindi. Xususan, samarali davlat boshqaruvini rivojlantirish, ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash, aholi salomatligini yaxshilash, taʼlim sifatini oshirish, ekologik muammolarni hal etish hamda iqlim oʻzgarishlariga moslashish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

 

Tadbirda Orolboʻyi hududini kompleks rivojlantirish, ekologik barqarorlikni taʼminlash va yashil iqtisodiyot tamoyillarini keng joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan va rejalashtirilayotgan loyihalar yuzasidan ham fikr almashildi.

 

Muhokamalar chogʻida “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi bilan BMTning yangi hamkorlik dasturi oʻrtasidagi uygʻunlik alohida qayd etildi. Taʼkidlanishicha, har ikki hujjat aholi farovonligini oshirish, iqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, ekologik xavfsizlikni kuchaytirish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish kabi umumiy maqsadlarga xizmat qiladi.

 

Yigʻilishda, shuningdek, Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga qaratilgan avvalgi hamkorlik dasturi natijalari tahlil qilinib, erishilgan yutuqlar va mavjud vazifalar sarhisob qilindi. Kelgusi yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar va tashabbuslar yuzasidan taqdimotlar ham tinglandi.

 

Mutaxassislar fikricha, BMT bilan hamkorlikning yangi bosqichi Oʻzbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yanada jadallashtirish, xalqaro tajriba va resurslarni keng jalb etish hamda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan maqsadlarga erishishda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

 

Yigʻilish yakunida barcha manfaatdor tomonlarning hamkorligini yanada mustahkamlash, belgilangan vazifalar ijrosini samarali muvofiqlashtirish va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yoʻlida hamkorlikni kengaytirish zarurligi taʼkidlandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish