“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni

19.06.2026 18:43
996

 

Jizzax viloyatida nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari va mahalliy Kengash deputatlari ishtirokida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining mazmun-mohiyati hamda uni amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokiga bag‘ishlangan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

 

Tadbirda strategiyaning asosiy maqsad va ustuvor vazifalari, uni amalga oshirishda jamoatchilikning roli hamda davlat va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

 

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi keng jamoatchilik muhokamalari asosida shakllantirilgan bo‘lib, unda fuqarolarning taklif va tashabbuslari o‘z aksini topgan. Shu bois mazkur hujjat nafaqat davlat organlari faoliyatining yo‘l xaritasi, balki jamiyat manfaatlarini ifodalovchi muhim taraqqiyot dasturi sifatida baholanmoqda.

 

Uchrashuv davomida strategiyada belgilangan vazifalarni amalga oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, deputatlar va boshqa fuqarolik jamiyati institutlarining faol ishtiroki muhim ekani ta’kidlandi. Mutaxassislar fikricha, ushbu institutlar davlat organlari va aholi o‘rtasidagi samarali muloqotni ta’minlash, jamoatchilik fikrini shakllantirish hamda islohotlar natijadorligini oshirishda muhim o‘rin tutadi.

 

Muhokamalarda strategiyaning fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlariga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, davlat dasturlari va strategik rejalashtirish hujjatlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish jarayonlarida ishtirok etayotgan mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlari sonini ko‘paytirish vazifalari haqida so‘z yuritildi.

 

Shuningdek, “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yili doirasida tasdiqlangan Davlat dasturining hududlardagi ijrosini o‘rganish va jamoatchilik fikri asosida baholab borish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Shu maqsadda hududlarda faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarini tegishli ishchi guruhlar faoliyatiga jalb etish taklif etildi.

 

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mahalliy NNTlar aholining ehtiyojlari va muammolarini yaqindan bilishi bilan ahamiyatli bo‘lib, ularning tajribasi Davlat dasturi ijrosini xolis baholash va amaliy takliflar ishlab chiqishda muhim omil hisoblanadi.

 

Tadbirda mahalliy Kengash deputatlarining ham strategiya ijrosidagi o‘rni alohida qayd etildi. Deputatlar hududiy muammolarni ko‘tarish, saylovchilar manfaatlarini himoya qilish hamda jamoatchilik va deputatlik nazoratini amalga oshirish orqali islohotlar samaradorligini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish