Turkiyaning Istanbul shahrida davlat boshqaruvi, ma’muriy islohotlar va mintaqaviy hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Markaziy Osiyo va Yevropaning yetakchi universitetlari, tahlil markazlari hamda davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Seminar Lund universiteti tashabbusi bilan tashkil etilib, unda Germaniya, Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Chexiya, Latviya, Yaponiya va Markaziy Osiyo mamlakatlaridan ekspertlar hamda akademik doiralar vakillari qatnashdi.
Tadbir davomida davlat boshqaruvi sohasidagi zamonaviy tadqiqotlar, ma’muriy islohotlarning samaradorligi va mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Ishtirokchilar o‘z mamlakatlarida amalga oshirilayotgan islohotlar tajribasi bilan o‘rtoqlashib, ilmiy va amaliy yondashuvlar yuzasidan fikr almashdilar.
Seminarda O‘zbekistonda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish, davlat boshqaruvida ochiqlik va hisobdorlikni kuchaytirish hamda tahliliy markazlarning islohotlar jarayonidagi o‘rni haqida ma’ruzalar taqdim etildi. Shuningdek, fuqarolar fikrini qaror qabul qilish jarayonlariga kengroq jalb etish va natijadorlikka yo‘naltirilgan boshqaruv tizimini rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Tadbir doirasida raqamli transformatsiya va elektron hukumat tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha ham alohida sessiyalar tashkil etildi. Ularda “Raqamli O‘zbekiston – 2030” va “O‘zbekiston – 2030” strategiyalari doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda ularning amaliy natijalari yuzasidan taqdimotlar o‘tkazildi.
Mutaxassislar bunday xalqaro muloqot maydonlari tajriba almashish, ilmiy hamkorlikni rivojlantirish va davlat boshqaruvi sohasidagi ilg‘or yondashuvlarni ommalashtirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.