Ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat Oʻzbekistonning xalqaro nufuzini mustahkamlamoqda

22.06.2026 13:42
862

 

2025-yilda Oʻzbekiston ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosatni izchil davom ettirib, xalqaro maydondagi mavqeini yanada mustahkamladi. Mamlakat tashqi siyosatining asosiy maqsadi oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, mintaqaviy barqarorlikni taʼminlash hamda global tashabbuslarni ilgari surishdan iborat boʻldi.

 

Yil davomida Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar asosida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan ikki muhim rezolyutsiya qabul qilindi. Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida nutq soʻzlab, xalqaro hamjamiyat eʼtiborini mintaqaviy va global ahamiyatga ega masalalarga qaratdi. 2026–2030-yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston va BMT oʻrtasidagi Barqaror rivojlanish sohasidagi hamkorlik dasturining imzolanishi esa xalqaro hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi.

 

Oʻzbekistonning mintaqaviy siyosatida Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni chuqurlashtirish alohida oʻrin tutdi. 2025-yil davomida mintaqa mamlakatlari bilan 15 dan ortiq oliy darajadagi uchrashuvlar oʻtkazildi. Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan munosabatlar yanada mustahkamlanib, chegara va xavfsizlik masalalari boʻyicha muhim kelishuvlarga erishildi. Xususan, Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻiziston davlat chegaralarining tutash nuqtasi boʻyicha shartnoma imzolanishi mintaqadagi oʻzaro ishonch va hamkorlikning muhim natijasi boʻldi.

 

Mamlakat xalqaro hamkorlik geografiyasini ham kengaytirdi. Oʻzbekiston Prezidenti Rossiya, Belarus, Ozarbayjon, Xitoy, Yaponiya, Malayziya va boshqa davlatlarga oliy darajadagi tashriflarni amalga oshirdi. AQSH, Yevropa Ittifoqi, Arab-musulmon dunyosi va Osiyo mamlakatlari bilan strategik hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha muhim muzokaralar oʻtkazildi. Xususan, Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim imzolanishi ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqdi.

 

Shuningdek, mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish jarayonida ham sezilarli natijalarga erishildi. Muzokaralar olib borayotgan davlatlarning aksariyati bilan kelishuvlar yakunlandi va Jenevada Ishchi guruhning navbatdagi yigʻilishlari oʻtkazildi. Bu esa Oʻzbekistonning global iqtisodiy tizimga integratsiyalashuvini jadallashtirishga xizmat qilmoqda.

 

Umuman olganda, 2025-yilda amalga oshirilgan tashqi siyosat mamlakatning xalqaro nufuzini oshirish, investitsiyaviy jozibadorligini kuchaytirish va mintaqaviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim omil boʻldi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish