2025-yil sentabr oyida O‘zbekiston tarixida ilk bor shaxmat olamining eng nufuzli turnirlaridan biri — FIDE Grand Swiss o‘z eshiklarini ochadi. Bu galgi musobaqa zamonaviylik va qadimiylik uyg‘un bo‘lgan, YUNESKO merosi ro‘yxatiga kiritilgan — Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.
“FIDE Grand Swiss” 2026-yilgi Jahon chempionatiga olib boruvchi Nomzodlar turniriga saralash vazifasini bajaradi. Ya’ni, bu yerda g‘olib chiqqan shaxmatchilar bevosita jahon chempioni unvoniga da’vogarlik qilish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.
11 ta turdan iborat turnirda 172 nafar mahoratli shaxmatchi ishtirok etadi. Musobaqa nizomiga ko‘ra, erkaklar va xotin-qizlar o‘rtasidagi musobaqalarda eng yaxshi ikki o‘rinni egallagan shaxmatchi 2026 yilgi nomzodlar turnirida qatnashish huquqini qo‘lga kiritadi va jahon chempioni unvoniga da’vogarlik qiladi.
“FIDE Grand Swiss-2025”ning mukofot jamg‘armasi 625 ming AQSH dollaridan iborat bo‘lib, bu, 2023 yili Men orollarida tashkil etilgan “FIDE Grand Swiss” turniridagidan 145 ming AQSH dollariga ko‘p. Ikki yil muqaddam o‘tgan mazkur musobaqaning sovrin jamg‘armasi 460 ming AQSH dollarini tashkil etgandi.
E’lon qilingan FIDE ro‘yxatidan erkaklar musobaqasida qatnashadigan 116 nafar shaxmatchining 101 nafari reyting orqali, qolgan o‘rinlar qit’a vakillari, 6 nafari “FIDE wild card” sohibi sifatida qayd etilgan.
Mamlakatimizning mahoratli shaxmatchilari Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev va Shamsiddin Vohidov reyting tizimi orqali ro‘yxatdan o‘rin olgan bo‘lsa, mezbon mamlakat sifatida O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi yana 5 nafar ishtirokchini ro‘yxatga kiritish imkoniyatiga ega.
Ayollar guruhida 56 nafar xotin-qiz shaxmatchilar dona surishi belgilangan bo‘lib, 44 nafari reyting orqali, 4 nafari qit’aviy taqsimot orqali, 4 nafari “FIDE wild card” hamda yana 4 nafari O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi tomonidan kiritilishi ko‘zda tutilgan.
Shaxmatchi qizlarimizdan Gulruhbegim Tohirjonova FIDE reytingidagi o‘rni orqali ishtirokchilar qatoridan joy egallagan bo‘lsa, turnirda qatnashadigan yana 4 nafar shaxmatchi qizlarimiz nomini O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi taqdim etishi lozim bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, jahon chempionatiga saralash vazifasini o‘taydigan “FIDE Grand Swiss”ning birinchi turniri 2019 yili Men orollari markazi Duglas shahrida tashkil etilgandi. Ikkinchi turnir 2021 yili Latviyaning Riga shahrida va uchinchi turnir 2023 yili Men orollarida bo‘lib o‘tgandi.
2023-yilda o‘tgan turnirda o‘zbekistonlik Sindarov 8-o‘rinni, Abdusattorov 12-o‘rinni, Yoqubboyev esa 14-o‘rinni egallagan edi.
Bu yilgi musobaqa esa yangi tarixni yozishga imkon beradi!