Keyingi yillarda O‘zbekiston davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi tufayli ochiq, pragmatik va muvozanatli tashqi siyosat yuritib, barcha mintaqa va yetakchi mamlakatlar bilan amaliy hamkorlikni mustahkamlab borayotganini alohida e’tirof etish joiz. Xususan, “ko‘hna qit’a”da muhim siyosiy va iqtisodiy o‘ringa ega bo‘lgan Italiya bilan munosabatlar ham har qachongidanda rivojlanib bormoqda.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni shartli ravishda ikki bosqichga ajratish o‘rinlidir. Birinchi bosqich — 1992-yilda Italiya O‘zbekiston mustaqilligini tan olganidan so‘ng shakllangan dastlabki diplomatik aloqalardir. Oradan olti yil o‘tib, dastlab O‘zbekistonning Rimdagi elchixonasi ochildi.
O‘zaro hamkorlikning ikkinchi bosqichi 2023 yildan boshlangan. Ayni shu davrga kelib mamlakatlar o‘rtasida yuqori darajadagi faol siyosiy muloqotlar yo‘lga qo‘yildi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2023 yilda Italiyaga rasmiy tashrifi vaqtida O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlari to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolandi. Zero, ushbu tashrif o‘zaro hamkorlikka intilish har ikki davlatda ham juda kuchli ekanini yaqqol namoyon etdi. Juda samarali o‘tgan mazkur tarixiy tashrif davomida qator kelishuvlarga, aniq dastur va loyihalarga asos solindi.
Xususan, O‘zbekiston sanoati uchun Italiyadan uskunalar va ilg‘or texnologiyalarni yetkazib berishni kengaytirish, energetika, transport, turizm infratuzilmasi, tibbiyot, farmatsevtika, axborot texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi, metallurgiya, qurilish materiallari, elektrotexnika, ishlab chiqarish bo‘yicha foydali kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, mebel, charm, to‘qimachilik, ipak mahsulotlari, avtomobillar uchun ehtiyot qismlar, meva va sabzavot, chorvachilik, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha katta qadamlar tashlandi. Bu aloqalarning yanada rivojlanishi har ikki davlatning barqaror o‘sishiga va xalqlar farovonligiga xizmat qiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, Italiya uchun O‘zbekiston Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi ko‘prik hisoblanib, sheriklik nuqtai nazardan strategik ahamiyatga va katta salohiyatga ega davlatdir. Shu boisdan Italiya mamlakatimizning zamonaviy rivojlanishida ishtirok etishni va ko‘p tomonlama munosabatlarni chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratmoqda. O‘z navbatida, mamlakatimiz hayotida jiddiy o‘zgarishlar yuz berayotgan, jamiyatimizning turli jabhalarida keng ko‘lamli islohotlar tobora chuqurlashayotgan hozirgi muhim pallada Italiyaning taraqqiy etgan davlati bilan munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish, uni yanada rivojlantirish eng to‘g‘ri yo‘ldir.