Oʻzbekiston Xalqaro mehnat konferensiyasining 113-sessiyasida yuqori natijalarini namoyish etdi

Jeneva shahrida 2–13 iyun kunlari boʻlib oʻtgan Xalqaro mehnat konferensiyasining 113-sessiyasida Oʻzbekiston ijtimoiy himoya va inson huquqlarini taʼminlash borasida dunyoning sanoqli davlatlari qatorida ekani alohida eʼtirof etildi.

Konferensiyada 187 mamlakatdan qariyb 5 mingga yaqin vakil, jumladan, hukumat vakillari, kasaba uyushmalari hamda ish beruvchilar ishtirok etdi. Kun tartibida biologik xatarlardan himoya, rasmiy iqtisodiyotga oʻtish, platformali bandlik va 2025 yil noyabrda Qatarda boʻlib oʻtadigan ijtimoiy rivojlanish boʻyicha Butunjahon sammitiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.

Sessiyada Oliy Majlis Senati Raisi, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari boʻyicha Milliy komissiya raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi hamda Ish beruvchilar konfederatsiyasi vakillaridan iborat Oʻzbekiston delegatsiyasi faol ishtirok etdi.

Oʻzbekiston delegatsiyasi sessiya davomida Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh direktori tomonidan taqdim etilgan “Mehnat, huquqlar va oʻsish: aloqani mustahkamlash” mavzusidagi maʼruzani muhokama qilishga bagʻishlangan yalpi majlisda, XMT qoʻmitalaridagi muhokamalarda, Ijtimoiy adolat uchun global koalitsiya forumida hamda Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurash kuniga bagʻishlangan tadbirlarda faol ishtirok etdi.

12 iyun kuni bolalar mehnatiga qarshi kurashish boʻyicha maxsus konferensiyada XMTga aʼzo 187 ta davlatlar orasida qisqa vaqt mobaynida bolalar mehnati va majburiy mehnatga butunlay barham bergan davlat sifatida Oʻzbekiston tajribasi taqdim etildi. Tanzila Narbayeva “Bolalar mehnatiga barham berishda Oʻzbekiston tajribasi” mavzusidagi maʼruzasida mamlakatimizda bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish yoʻlida qabul qilingan qatʼiy chora-tadbirlar va konstitutsiyaviy-huquqiy baza haqida soʻzladi. Oʻzbekiston tajribasi xalqaro ekspertlar tomonidan namunali deb eʼtirof etildi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Xalqaro mehnat tashkiloti tashabbusi bilan tashkil etilgan “Ijtimoiy adolat uchun global koalitsiya”da birinchi aʼzo davlat sifatida ishtirok etdi. Tanzila Narbayeva “Oʻzbekiston–2030” strategiyasi asosida ijtimoiy himoyani huquqiy kafolatlash va kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan ishlar haqida maʼlumot berdi.

Tadbirda BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari boshqarmasi soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda inson huquqlari sohasida erishilgan ijobiy natijalarni eʼtirof etdi. Ijtimoiy himoya va inson huquqlarini taʼminlashda Oʻzbekiston dunyoning sanoqli muvaffaqiyatli davlatlari qatoriga kirishi alohida taʼkidlandi.

Jenevada delegatsiya aʼzolari Xalqaro mehnat tashkiloti rahbarlari bilan uchrashuvlar oʻtkazdi. Muzokaralarda Oʻzbekistonda mehnat huquqlari va xavfsizlik sohasidagi islohotlar yuqori baholandi. Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh direktori Jilber Unbo Oʻzbekiston tajribasini dunyo uchun namunali deb hisoblagan holda, 114-sessiyani Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ochib berish taklifini ilgari surdi.

Oʻzbekistonning inson huquqlari va ijtimoiy adolatni taʼminlash borasidagi salohiyati xalqaro miqyosda yuqori baholanmoqda va bunday hamkorlik loyihalari kelgusida ham davom ettirilishi rejalashtirilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish