Joriy yilning 13-15-may kunlari asrlar davomida ilm-fan, madaniyat va islom dinining markazi bo‘lib kelgan Buxoro shahrida o‘tkazilayotgan Osiyo xotin-qizlarining II forumi nafaqat mintaqaviy diplomatik muloqot, balki xotin-qizlarni barcha sohalardagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlash, ularni har tomonlama rag‘batlantirish, haq-huquqlarini himoya qilish, eng asosiysi orzu va maqsadlarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan muhim platformadir.
Mazkur anjuman zamirida bir muhim haqiqat mujassam. Ya’ni XXI asr taraqqiyotini ayollar ishtirokisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Chindan ham bugungi global iqtisodiyotda xotin-qizlarning ta’lim, siyosat, innovatsiya va tadbirkorlikdagi ishtiroki har bir mamlakat raqobatbardoshligini belgilaydigan asosiy omillardan biriga aylanmoqda.
Tadbirda 20 dan ortiq davlat va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etayotgani uning nufuzi qay darajada ekanligini ko‘rsatib turibdi. Ayniqsa, Sharqiy Osiyo, Janubi-Sharqiy Osiyo, Janubiy Osiyo hamda Markaziy Osiyo davlatlari parlamentlari ayol a’zolari, hukumat vakillari, diplomatik korpus va xalqaro institutlar ishtirokidagi muloqotlar gender tengligi masalasini mintaqaviy hamkorlikning muhim qismiga aylantirayotganidan dalolat beradi.
Keyingi yillarda mamlakatimiz tashqi siyosatida “inson kapitali diplomatiyasi” ustuvor yo‘nalish sifatida namoyon bo‘lmoqda. Buxoro forumi ana shu siyosatning amaliy ifodasi desak adashmaymiz. Chunki bu kabi xalqaro darajadagi amaliy muloqotlar Yangi O‘zbekistonning nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy va madaniy imijini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Forumning asosiy mavzusi “Ayollarga investitsiya - barqaror o‘sish asosi” deb nomlandi. Bu orqali bugungi kunda dunyo hamjamiyati uchun dolzarb bo‘lgan qator masalalar muhokama qilinmoqda. Xususan, xotin-qizlarni davlat va jamiyat boshqaruviga keng jalb etish, siyosiy qarorlar qabul qilish jarayonlarida ularning ishtirokini kuchaytirish, iqtisodiy mustaqillik va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ilm-fan va ta’lim sohalarida imkoniyatlarni kengaytirish kabi muhim yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratilayapti.
Shu o‘rinda Jahon banki va BMT ma’lumotlariga to‘xtalib o‘tish joiz. Ushbu nufuzli tashkilotlarning qayd etishicha, xotin-qizlarning mehnat bozoridagi faolligi oshishi mamlakat yalpi ichki mahsuloti o‘sishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Ayrim tadqiqotlarda gender tengligi to‘liq ta’minlangan davlatlar iqtisodiyotida YAIM hajmi o‘rtacha 20-30 foizgacha o‘sganligini ko‘rish mumkin.
Ana shundan kelib chiqqan holda mamlakatimizda 2026-yil davomida 1,5 million nafar xotin-qizni daromad bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Ulardan 400 ming nafari biznesga jalb etiladi. Ushbu maqsadlar uchun 25 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi. Bundan tashqari, 166 ming nafar ayol zamonaviy kasblar va tadbirkorlikka, yana 100 ming nafari esa IT sohasiga o‘qitiladi.
Shu bilan birga, ayollar o‘rtasida uyda tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun “Daromadli ayol” dasturini amalga oshirish boshlanadi. Ushbu dastur sharofati bilan yetakchi tadbirkorlar ko‘magida kasanachilik, hunarmandchilik, parrandachilik, asalarichilik va tomorqa xo‘jaligi yo‘nalishlarida 50 ming nafar ayolning bandligi ta’minlanadi.
Bugun ayol nafaqat ona, uy bekasi, balki davlat va jamiyat boshqaruvida ham faol ishtirok etmoqda. Buni so‘nggi yillarda dunyo miqyosida parlamentlarda xotin-qizlar ulushi ortib borayotganidan ham bilish mumkin. Mazkur qizg‘in jarayon Markaziy Osiyo davlatlarida ham kuzatilmoqda. Xususan, mamlakatimizda parlament va mahalliy kengashlarda ayol deputatlar sonining oshishi, davlat boshqaruvida rahbar ayollar qatlamining shakllanishi mamlakatda gender siyosati yangi bosqichga ko‘tarilganini ko‘rsatadi.
Buni quyidagi raqamlardan ham bilish mumkin. Jumladan, O‘zbekiston Parlamentlararo ittifoqning “Parlamentdagi ayollar” reytingida 92 pog‘ona yuqorilab, 36-o‘rinni egalladi. “Gender tenglik va boshqaruv” indeksida mamlakatimiz 103-o‘rindan 52-o‘ringa ko‘tarildi. Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun” indeksida esa 43 pog‘onaga yaxshilanib, 48-o‘rinni egalladi.
Mutaxassislarning fikricha, ayollarning siyosiy jarayonlardagi ishtiroki ijtimoiy adolat, ta’lim, sog‘liqni saqlash va oila siyosatiga oid qarorlarning samaradorligini oshiradi. Shu bois forumda bu mavzudagi tajriba almashinuvlari mintaqa davlatlari uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugun sun’iy intellekt, raqamli iqtisodiyot va innovatsiyalar global taraqqiyotning asosiy drayveriga aylanmoqda. Ammo ma’lumotlarga qaraganda, STEM (science, technology, engineering, mathematics) sohalarida ayollar ulushi hanuz yetarli emas. Anjumanda “Ilm-fanda ayollar yetakchiligi” mavzusida alohida forum tashkil etilib, shu va boshqa masalalar atroflicha muhokama qilinib, taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqilayotgani e’tiborga molikdir.
Muxtasar aytganda, Buxoroda o‘tayotgan Osiyo xotin-qizlarining II forumi shunchaki rasmiy tadbir emas, balki bugungi shiddat bilan kechayotgan global o‘zgarishlar sharoitida xotin-qizlarning siyosiy, iqtisodiy va intellektual salohiyatini yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan amaliy muloqot maydonidir. E’tiborga molik jihati, mazkur anjumanda ayollar masalasi faqatgina ijtimoiy himoya yoki gender tengligi doirasida emas, balki barqaror taraqqiyot, innovatsion iqtisodiyot va inson kapitali bilan bog‘liq strategik masalalar doirasida ko‘rib chiqilmoqda. Bu esa kelgusida xotin-qizlarning ilm-fan, tadbirkorlik, davlat boshqaruvi va raqamli texnologiyalar sohalaridagi ishtirokini yanada kengaytirishga xizmat qilishi shubhasiz. Binobarin, xotin-qizlar salohiyatini yuzaga chiqarishga sarmoya kiritgan jamiyat aslida o‘z kelajagi, barqaror taraqqiyoti va intellektual yuksalishiga investitsiya kiritadi.