Har qanday mamlakat taraqqiyoti sog‘lom va bilimli avlodga bog‘liq

16.05.2025 16:14
28

Yetuk, bilimli avlodni tarbiyalashda maktabgacha ta’lim tizimining o‘rni juda muhim. Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 15 may kuni maktab ta’limi tizimidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ushbu masalaga alohida to‘xtalib, zarur vazifalar belgilab berildi.

Bugungi kunda yurtimizda 7 mingta davlat va 31 mingdan ziyod xususiy bog‘chalar faoliyat yuritmoqda. Olti yoshli bolalarning 96 foizi maktabga tayyorlov guruhlariga qamrab olingan. Keyingi yili bu raqam 100 foizga chiqadi.

Endi ilg‘or xorijiy tajriba asosida maktabga tayyorlov guruhlari va boshlang‘ich ta’lim o‘quv dasturlari o‘zaro uyg‘unlashadi. Buning uchun bog‘cha bolalarini matematika, tabiiy fanlar va texnologiya yo‘nalishlarida tanqidiy va kreativ fikrlashga o‘rgatadigan dasturlar ishlab chiqiladi. Aytish kerakki, mazkur tizim bolalarda ilmga bo‘lgan qiziqishni, mustaqil tafakkurni va ijtimoiy faollikni barvaqt shakllantirishga xizmat qiladi. Bu jarayonda bola faqat bilim oluvchi emas, balki faol o‘rganuvchi, tadqiqotchi va ijodkor sifatida rivojlanadi.

Shuningdek, bog‘cha tarbiyachilarining malakasi, mahorati va psixologik tayyorgarligini oshirish uchun kasbiy sertifikatlash tizimi joriy etiladi.

Nega kasbiy sertifikatlash kerak? Aytish kerakki, hozirgi vaqtda pedagog kadrlar sonini oshirish bilan bir qatorda, ularning sifatini ta’minlash masalasi ham kun tartibida turgan muhim masalalardan sanaladi. Tan olish kerak, bugungi kunda ayrim tarbiyachilarning ta’lim-tarbiya usullari eski, bolalar bilan ishlashdagi yondashuvlari esa samarasiz. Bu esa nafaqat bolaning o‘sishiga, balki butun ta’lim tizimiga salbiy ta’sir o‘tkazuvchi omillardan biridir.

Umuman olganda, bu tizim orqali har bir tarbiyachi o‘z salohiyatini namoyon qilishi, bilim va mahoratini oshirishi, zamonaviy talablar darajasida bolalarga sifatli ta’lim berish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Zero, maktabgacha ta’lim – bola shaxsiyati shakllana boshlaydigan eng muhim bosqichdir. Bu davrda bolaning dunyoqarashi, his-tuyg‘ulari va eng muhimi, o‘qishga bo‘lgan qiziqishi shakllanadi. Shunday ekan, bog‘chadagi har bir tarbiyachining bilimi, malakasi, shaxsiy fazilatlari va psixologik tayyorgarligi yuqori bo‘lishi lozim.

Muxtasar aytganda, ta’lim tizimiga joriy qilinayotgan bu kabi tizimli islohotlar “Yangi O‘zbekiston ostanasi ta’limdan boshlanadi” degan g‘oyaning naqadar muhimligini tasdiqlaydi. Zotan, o‘quvchilar bog‘cha va maktabdan qanchalik bilimli bo‘lib chiqsa, yuqori texnologiyalarga asoslangan iqtisodiyot tarmoqlari shuncha tez rivojlanadi, ko‘plab ijtimoiy muammolarni yechish imkoni bo‘ladi. Binobarin, har qanday mamlakat taraqqiyotini sog‘lom va bilimli avlod belgilaydi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish