UZBEKISTAN GTL — Yangi O‘zbekiston sanoat qudratining ramzi

26.11.2025 15:03
3079

So‘nggi sakkiz yil mobaynida yurtimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan keng qamrovli va shiddatli islohotlar barcha sohalar qatori sanoatning energetika tarmog‘ini ham mutlaqo yangi bosqichga olib chiqdi. Ana shu ulkan o‘zgarishlar ichida cho‘l bag‘rida barpo etilgan, dunyodagi eng yirik va ilg‘or texnologiyalarga asoslangan korxonalardan biri — “Uzbekistan GTL” zavodi mamlakatimizda amalga oshirilgan tizimli islohotlarning yorqin natijasidir, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Shu o‘rinda loyihaning tarixiy va siyosiy ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tish o‘rinlidir. 2009 yilda mamlakatimizda GTL (Gas-to-Liquids) texnologiyasi asosida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish g‘oyasi ilk bor ilgari surildi. Bu tashabbus nafaqat milliy iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va energiya xavfsizligini ta’minlashda muhim qadam bo‘ldi, balki innovatsion texnologiyalarni joriy etish orqali mamlakatimizning global energetika bozoridagi raqobatbardoshligini mustahkamlashga xizmat qildi.

Dastlabki jarayonlarda xalqaro hamkorlar jalb etildi. Jumladan, Janubiy Afrika Respublikasining “Sasol” va Malayziyaning “Petronas” kabi jahon energetikasida yetakchi bo‘lgan kompaniyalari loyihaning texnologik va investitsion asoslarini shakllantirishda faol ishtirok etdi. Mazkur davrda zamonaviy yechimlar ishlab chiqildi, texnik-iqtisodiy asoslar tayyorlandi va investitsion muhit yaratildi. Biroq 2011–2015 yillardagi geoiqtisodiy o‘zgarishlar, jahon energetika bozoridagi beqarorlik va xorijiy sheriklarning strategik ustuvorliklaridagi o‘zgarishlar natijasida ular loyihadan chiqib ketdi. Natijada qurilish to‘xtab qoldi.

Lekin bu holat uzoqqa cho‘zilmadi. 2016 yilda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning shaxsiy tashabbusi va qat’iy irodasi tufayli “Uzbekistan GTL” loyihasini qayta tiklash strategik vazifa sifatida belgilandi. Loyiha qayta rivojlantirilib, to‘liq davlat nazorati ostiga olindi. 2016 yil 29 dekabrdagi Prezident qarori qabul qilindi. Bu esa loyihaning moliyalashtirish manbalarini aniqlab, texnologik va injenerlik yechimlarini takomillashtirish hamda pudratchilar bilan shartnomalarni yangi formatda imzolash imkonini vujudga keltirdi.

2017 yilda Prezidentimizning Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida gaz-kimyo klasterini tashkil etish vazifasining belgilanishi esa GTL loyihasini alohida zavoddan mamlakat sanoat ekotizimining muhim bo‘g‘iniga aylantirdi.

Shu tariqa qurilish va montaj ishlari tez va sifatli amalga oshirilib, 2021 yilda zavod tantanali ravishda ishga tushirildi. Bu nafaqat mamlakat sanoatining yutug‘i, balki Yangi O‘zbekiston iqtisodiyotining qudratini namoyon etgan voqea sifatida tarixga muhrlandi.

E’tiborga molik jihati shundaki, 2022 yildan boshlab zavodda sintetik neft, yuqori sifatli dizel yoqilg‘isi, aviakerosin, nafta va suyultirilgan gaz ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Mahsulot hajmi yil sayin oshib, 2022 yilda 230 ming, 2023 yilda 662 ming, 2024 yilda esa 723 ming tonnani tashkil etdi. Joriy yil yakuniga qadar ishlab chiqarish 1 million 150 ming tonnaga yetkazilishi rejalashtirilgani GTLning iqtisodiy va strategik imkoniyatlari hali to‘liq ochilmaganini ko‘rsatadi.

Mazkur yirik korxona mahsulotlari jahondagi eng yuqori ekologik talablar va standartlarga to‘liq javob beradi. Jumladan, bu yerda tayyorlanadigan sintetik yoqilg‘i an’anaviy yoqilg‘iga nisbatan 40 foiz kam chiqindi va zararli gaz hosil qiladi. Natijada yiliga 13 ming 500 tonna zararli gazlarning havoga tarqalishining oldi olinadi.

Aytish mumkinki, zavod nafaqat mahsulot ishlab chiqarish bilan shug‘ullanmoqda, balki ichki bozorni barqarorlashtirish va mamlakat iqtisodiyotining ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga ham sezilarli hissa qo‘shib kelmoqda. O‘tgan yili ishlab chiqarilgan mahsulotning 399 ming tonnasi ichki talabni qondirishga yo‘naltirildi va bu dizel yoqilg‘isi bozorida narxlar barqarorligini ta’minladi. Natijada dizel yoqilg‘isi narxi ikki barobar arzonlashdi. Bu holat qishloq xo‘jaligi, logistika, sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarida xarajatlarning kamayishiga olib keldi.

Shuningdek, zavod ishlab chiqarayotgan yuqori sifatli sintetik yoqilg‘i mahsulotlari orqali mamlakatning eksport salohiyati ham sezilarli darajada oshmoqda. 2024 yilda 336 ming tonna mahsulot AQSh, Yevropa mamlakatlari va boshqa yuqori talabga ega bo‘lgan bozorlarga eksport qilindi. Bu esa O‘zbekistonning Sharq va G‘arbni bog‘lovchi “o‘rta yo‘lak”dagi tranzit ahamiyatini mustahkamlab, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar yetkazib beruvchi zamonaviy sanoatlashgan davlat sifatidagi o‘rnini kuchaytirmoqda.

Zavod faoliyatida ekologik va texnologik standartlarga qat’iy rioya qilinmoqda. Energiya tejamkor va atrof-muhitni muhofaza qiluvchi zamonaviy uskunalar qo‘llanilib, chiqindilarni minimallashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilgan. Bu korxonaning xalqaro standartlar asosida faoliyat yuritayotganidan dalolatdir.

Bundan tashqari, mahalliy kadrlar tayyorlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Yosh muhandis va mutaxassislar Qatar, Koreya va Singapur kabi davlatlarda malaka oshirib, ilg‘or bilim va ko‘nikmalar bilan qaytmoqda. Zavoddagi barcha jarayonlar “Ernst & Young” va “Nexant” kabi xalqaro auditorlik tashkilotlari tomonidan muntazam baholanib, uning shaffofligi va samaradorligi kafolatlanmoqda.

Umuman olganda, “Uzbekistan GTL” yuqori quvvatda sanoat, qishloq xo‘jaligi va maishiy iste’mol uchun zarur bo‘lgan barcha turdagi yoqilg‘ilarni ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Ayniqsa, “yashil iqtisodiyot” rivojlanib borayotgan bir davrda GTL mahsulotlari jahondagi eng yuqori ekologik talab va standartlarga to‘liq javob beradi.

Ma’lumki, bugungi kunda rivojlangan mamlakatlarda neft mahsulotlariga nisbatan “Yevro-5” standarti qo‘llaniladi. O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan dizel yoqilg‘isi esa kamida “Yevro-6” standartiga mos bo‘lib, bu boshqa sohalarning rivojiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, dunyo bozorida eng arzon hisoblangan metan gazini yuqori qiymatli neft mahsulotiga aylantirish imkoniyati yaratildi. GTL texnologiyasi asosida qayta ishlangan uglevodorod xomashyosining qiymati kamida uch barobar oshadi.

Bir so‘z bilan aytganda, “Uzbekistan GTL” mamlakat taraqqiyoti uchun muhim sanalgan yoqilg‘i-energetika tizimidagi izchil islohotlar samarasi sifatida O‘zbekiston energetika tarixida yangi davrni boshlab berdi. Zero, Yangi O‘zbekistonning qudratli iqtisodiy salohiyati aynan mana shunday majmualarda yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish