Bugun dunyodagi iqtisodiy jarayonlar, oziq-ovqat va energiya xavfsizligi bilan bog‘liq murakkabliklar, iqlim o‘zgarishining ta’siri har bir mamlakat oldiga ichki imkoniyatlardan oqilona foydalanish vazifasini qo‘ymoqda. O‘zbekiston uchun ham mazkur vazifa nafaqat strategik, balki hayotiy ahamiyat kasb etadi. Zero, yurtimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad ham xalq farovonligi va hududiy rivojlanishni ta’minlashdan iboratdir.
Davlatimiz rahbari tomonidan aynan ushbu masalalarga alohida e’tibor qaratilib, hududlarda bandlikni ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, investitsiya va eksportni ko‘paytirish, oziq-ovqat inflyatsiyasini jilovlash, muhitni yaxshilash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi. Har bir fuqaroning o‘z ishi, daromad manbai bo‘lishi nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy barqarorlikning asosi ekani qayd etildi.
Bugun mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha turli mexanizmlar ishlab chiqilgan. Xususan, aholining kasbga o‘qitilishi, o‘z biznesini boshlashi uchun kredit va subsidiyalar berilishi, mahalladagi yerlardan unumli foydalanish kabi mexanizmlar shular jumlasidandir. Ammo bu mexanizmlar to‘liq ishlashi uchun mahalliy rahbarlarning mas’uliyati, joyidagi resurslarni to‘g‘ri boshqarish ko‘nikmasi yuqori bo‘lishi lozim. Ya’ni kambag‘allikka qarshi kurash bu faqat ijtimoiy siyosat emas, balki mahalliy darajada samarali boshqaruv, jonkuyarlik va xalq dardiga befarq bo‘lmaslikdir. Agar joylardagi rahbarlar xalq ichida yursa, ish o‘rniga muhtoj oilani tanisa, har bir sotix yerda qanday hosil yetishtirish mumkinligini bilib, aholiga yo‘nalish bera olsa — natija bo‘ladi.
Aytilish kerakki, har bir mahallada imkoniyat bor — uni faqat ko‘ra bilish va harakat qilish kerak. Masalan, suv bor yerda sabzavotchilik, bog‘dorchilik, issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish mumkin. Agar bu jarayonga agrotexnologiyalar va bozorbop mahsulot yetishtirish strategiyasi qo‘shilsa, mahalla o‘zi eksport qiluvchi nuqtaga aylanishi mumkin. Bu nafaqat mahallaning iqtisodiy yuksalishi, balki aholining ish bilan bandligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Mazkur yondashuv, avvalo, mahalliy sharoitni inobatga olgan holda ish olib borishni talab etadi. Masalan, har bir tumaning iqlimi, tuprog‘i, suv zaxirasi, mehnat resurslari har xil. Demak, hech qaysi tumanga “bir xil” dastur bilan yondashib bo‘lmaydi. Har bir hudud uchun individual yondashuv eng to‘g‘ri yo‘l.
So‘nggi ikki yilda dunyodagi geosiyosiy vaziyatlar oziq-ovqat narxlari keskin oshib ketishiga sabab bo‘ldi. Ba’zi davlatlarda bu hatto ijtimoiy noroziliklarga olib keldi. Shu boisdan, Prezidentimiz yig‘ilishda oziq-ovqat inflyatsiyasini jilovlashni strategik ustuvor vazifa sifatida belgiladi. Buning uchun eng samarali yo‘l — ichki ishlab chiqarishni ko‘paytirish va qayta ishlash sanoatini rivojlantirish ekani aytildi. Shu maqsadda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash, saralash va qadoqlash infratuzilmasini rivojlantirish, qishloqda kooperatsiya asosida ishlaydigan kichik korxonalarni ko‘paytirish, bozorni talab va taklif asosida tartibga solish mexanizmlarini ishlab chiqish kabi masalalar dolzarb hisoblanadi.
Prezidentimiz rahbarligida o‘tgan yig‘ilishdan ayon bo‘ldiki, mamlakat miqyosida belgilangan keng ko‘lamli vazifalar natijadorligi ularning ijrosi, avvalo, tuman va mahallalarda qanday amalga oshirilayotganiga bog‘liq. Shu bois, har bir tuman o‘z salohiyatini bilishi, tahlil qilishi va rivojlanish rejasini aniq belgilashi kerak. Aholini band qilish birinchi navbatda davlatning emas, tuman rahbarining shaxsiy burchi bo‘lishi lozim.
Bir so‘z bilan aytganda, islohot markazdan emas, mahallaning o‘zidan boshlanishi kerak.