Yasharish va yangilanish fasli – Navro‘zi olam o‘zining ma’no-mazmuni, ko‘rku tarovati, teran falsafasi bilan boshqa bayramlar orasida alohida o‘rin tutadi. U juda qadimiy bayramlardan biri bo‘lib, ushbu ayyom yangi yil, yangi kun elchisidir.
Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” kitobida Navro‘z shunday tasvirlanadi: “Eng avval Sharqdan bahoriy nasim (shabboda) esib keladi, bu olamni bezash uchun jannat yo‘lini ochadi. Oq rang (ya’ni qor) ketib, yerga ifor to‘ladi va hamma yoqni alvon-alvon rang egallaydi, chunki olam ham chiroyli bezanmoqni istaydi. Bahorning nasimi zerikarli qishni haydaydi, musaffo bahor yana o‘zining hukmiga kiradi. Yaprog‘ini to‘kkan daraxtlar tag‘in yashil kiyinadi, oq, sariq, ko‘k, qizil rang bilan bezanadi...”.
Haqiqatan ham ayni shu kunlarda butun yurtimizda bahorning iliq nasimi bilan birgalikda insoniylik, mehr-oqibat va bag‘rikenglik ayyomi – Navro‘zi olam shukuhi kezib yuribdi. Ushbu qutlug‘ bayramni keksayu yosh barcha birgalikda katta shodu xurramlik bilan qarshi olmoqda.
Xalqimiz bu kunni nishonlashga azaldan alohida tayyorgarlik ko‘radi. O‘tgan hafta davlatimiz rahbari imzolagan “2026-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaror ham yurtdoshlarimiz orziqib kutayotgan uyg‘onish faslining asosiy shodiyonasi ko‘tarinki ruhda nishonlanishidan darak beradi.
Bu yil bahor ayyomi “Navro‘zni ulug‘lash - insonni ulug‘lashdir!” degan ezgu g‘oyaga esh tarzda o‘tadi. Zero, yurtimizda inson qadri, huquq va manfaatlarini ta’minlash, xalqimiz farovonligini oshirish, jamiyatda tinchlik, do‘stlik va hamjihatlik muhitini, ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlash yo‘lida katta ishlar amalga oshirilmoqda.
Bularning barchasi qadimiy tarix va an’analarga ega sharqona yangi yil — Navro‘zi olamning insonparvarlik mohiyati, uning bag‘rikenglik, saxovat va mehr-oqibat kabi azaliy qadriyatlari ahamiyatini yanada yuksaltirmoqda.
Aholi manfaatlari va ijtimoiy himoyasini ta’minlash, ehtiyojmand qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash, jamiyatning hech bir a’zosini mehr va e’tibordan chetda qoldirmaslik, shahar va qishloqlarimizni obod qilish, yer va suv resurslaridan, barcha tabiat ne’matlaridan oqilona foydalanish, joylarda ahillik, totuvlik va hamjihatlikni ta’minlash ustuvor vazifaga aylanmoqda.
Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yilida nishonlanadigan bu yilgi Navro‘z shodiyonalari shu bois, yangicha ruh va mazmun kasb etadi.
Navro‘z xayru saxovat ishlariga chorlaydigan ezgu ayyom. Shu kunlari nogironligi bor yurtdoshlarimizga, bemoru nochor kishilarga saxovat ko‘rsatiladi, holidan xabar olinib, imkon darajasida moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlanadi. U shunchaki namoyish, bayram emas, balki odamning insoniy tuyg‘ulariga quvvat berguvchi, ularni yaqinlashtiruvchi, jipslashtiruvchi, yagona Vatan tuyg‘usini mustahkamlovchi bebaho omildir.
Qarorda so‘nggi yillarda yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tom ma’nodagi tarixiy o‘zgarishlarga mos holda ma’no-mazmuni tobora chuqurlashib borayotgan Navro‘z ayyomini barcha shahar va qishloqlarimizda, butun yurtimizda umumxalq sayli sifatida, yuksak tashkiliy saviyada va ko‘tarinki ruhda nishonlash maqsadida tegishli masalalar belgilab berilgan.
Xususan, joylarda Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan barcha tadbirlarni yuksak darajada tashkil etish, ularda yurtdoshlarimizning faol ishtirokini ta’minlashga alohida e’tibor qaratiladi.
Bu yilgi Navro‘z muborak Ramazon hayiti bayrami bilan hamohang tarzda nishonlanishi uning insonparvarlik tamoyillarini yanada kuchaytirishini inobatga olib, keksa avlod vakillarini, xususan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarini har tomonlama e’zozlash, “Mehribonlik”, “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida yashayotgan shaxslar, ijtimoiy himoya daftarlariga kiritilgan va ko‘makka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ular uchun bayram dasturxonlarini tashkil etish hamda turli xayriya tadbirlarini mahalla faollari, yoshlar va xotin-qizlar vakillari ishtirokida uyushqoqlik bilan o‘tkazish nazarda tutilgan.
Ana shunday beqiyos fazilatlari tufayli Navro‘z nafaqat mamlakatimiz, balki butun Sharq olamida zamonlar osha bezavol yashab kelmoqda. Shuning uchun ham Navro‘z yurtimizda istiqomat qilayotgan 130 dan ziyod millat va elat vakillarini bir oiladek birlashtiradigan go‘zal bayramga aylandi.
Bir so‘z bilan aytganda, Navro‘z ayyomi insonni, umuman, tabiatni mudom yangilanishga, yasharishga undaydigan, odamlar o‘rtasida mehr-sadoqat, oqibat, insoniylik, ezgulikka xayrixohlik, poklik, muruvvat va saxovatni yanada mustahkamlashga chorlovchi qadimiy, betakror, suyukli, ezgu xususiyatlari bisyor bayramdir!