Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining uchinchi yig‘ilishida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga kelgan delegatsiyalar Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi yirik tarixiy-maʼrifiy majmua bo‘lib, uning faoliyati islom sivilizatsiyasining boy ilmiy va maʼnaviy merosini asrab-avaylash, chuqur o‘rganish va jahon hamjamiyatiga namoyish etishga qaratilgan.
Mehmonlar markazdagi “Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar”, “Birinchi Renessans”, “Ikkinchi Renessans” hamda “Yangi O‘zbekiston – Yangi Renessans” ekspozitsiyalari bilan tanishdi. Ular Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy va Bahouddin Naqshband kabi buyuk mutafakkirlarning jahon ilm-fani rivojiga qo‘shgan hissasi bilan tanishtirildi.
Shuningdek, Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davriga oid noyob qo‘lyozmalar, osori-atiqalar va boshqa tarixiy manbalar mehmonlarga taqdim etildi.