«Shaxsiyat darchasi» loyihasi taqdim etildi

Toshkent shahridagi Ilhom teatri ko‘rgazmalar zalida rassomlar Xurshid Xalilov va Isomiddin Eshonqulovning «Shaxsiyat darchasi» nomli yangi badiiy ko‘rgazmasi ochildi.

Mazkur loyiha ikki muallifning turli badiiy qarashlari va ifoda uslublarini bir makonda jamlab, tomoshabinni zamonaviy inson shaxsiyatining shakllanish jarayoni haqida chuqur mushohada yuritishga chorlaydi. Ekspozitsiyada tashqi dunyo va ichki olam mavzulari o‘zaro uyg‘unlashib, insonning jamiyatdagi o‘rni, kechinmalari va ruhiy holati san’at orqali talqin etiladi.

Xurshid Xalilov asarlarida ko‘proq ijtimoiy muhit, zamon ritmi va tashqi voqelik aks etgan bo‘lsa, Isomiddin Eshonqulov ijodida insonning ichki dunyosi, shaxsiy kechinmalari va ruhiy izlanishlari markaziy o‘rin egallaydi. Ikki xil yondashuv birgalikda tomoshabinga shaxsiyatga go‘yo “darcha” orqali nazar tashlash imkonini beradi.

«Shaxsiyat darchasi» ko‘rgazmasi zamonaviy san’at ixlosmandlari uchun nafaqat estetik zavq, balki o‘zini anglash, ichki savollariga javob izlash uchun ham muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish