Davlatimiz rahbarining 2025-yil 1-apreldagi qarori asosida Margʻilon shahrida “Burhoniddin Margʻinoniy” ilmiy-maʼrifiy va turizm majmuasi barpo etildi. Milliy meʼmorchilik anʼanalari, Margʻilon tarixi va zamonaviy turizm talablari uygʻunlashgan ushbu maskan qadim shahar bagʻridagi oʻziga xos shaharchani eslatadi.
35 gektar maydonni egallagan majmua Islom huquqshunosligi instituti, maqom teatri, ochiq amfiteatr, oʻlkashunoslik muzeyi, adib va sanʼatkorlar xiyoboni, hunarmandlar markazi, mehmonxona, karvonsaroy, savdo va xizmat koʻrsatish binolari, milliy bozor hamda muzeylarni oʻz ichiga oladi.
Majmuaning asosiy yoʻnalishlaridan biri buyuk alloma Burhoniddin Margʻinoniyning boy ilmiy merosini oʻrganish va keng targʻib qilishdan iborat. Shu bilan birga, bu yerda Margʻilonning qadimiy hunarmandchilik anʼanalarini saqlash, ziyorat va madaniy turizmni rivojlantirish, milliy qadriyatlarni yosh avlodga yetkazish koʻzda tutilgan.
Majmuada “Otabek va Kumush uyi” muzeyi ham tashkil etilgan. Uning devorlarida “Oʻtkan kunlar” romani sahnalari jonlantirilib, adabiyot va tarix uygʻunlashgan noyob muhit yaratilgan. Shuningdek, hududda shoir va rassomlar xiyoboni hamda kutubxona joylashgan.
Qiymati 1,7 trillion soʻm boʻlgan loyihaning bosh rejasi Turkiyaning “Studio Vertebra” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Majmua ikki bosqichda barpo etiladi. Kelgusida bu yerda biznes markaz, 1500 oʻrinli masjid, mehmonxonalar, 400 ta savdo va xizmat koʻrsatish nuqtasi hamda 300 oʻrinli bozor tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev majmua boʻylab yurib, bunyodkorlik ishlarini koʻzdan kechirdi. Hunarmandchilik, badiiy va amaliy sanʼat koʻrgazmalari, bozor rastalari bilan tanishdi, jamoatchilik vakillari bilan samimiy suhbat qurdi.
Majmua toʻliq ishga tushirilgach, Fargʻona viloyatiga yiliga oʻrtacha 200–250 ming nafar xorijiy sayyoh jalb etilishi kutilmoqda. Buning natijasida 2 mingta yangi ish oʻrni yaratiladi, budjetga 52 milliard soʻm tushum va 30 million dollarlik xizmatlar eksporti taʼminlanadi.
Shuningdek, “Burhoniddin Margʻinoniy” majmuasi tajribasini Buxorodagi “Boqiy Buxoro”, Samarqanddagi Imom Moturidiy maqbarasi atrofi, Qoʻqondagi Oʻrda, Namangandagi “Axsikent” yodgorligi hamda Toshkentning Eski shahar hududlarida ham keng joriy etish rejalashtirilgan.