Parlament diplomatiyasida yangi davr boshlanmoqda

Xabar berilganidek, shu yilning 5–9 aprel kunlari O‘zbekiston dunyo miqyosidagi yirik tadbir – Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasiga mezbonlik qiladi.


190 mamlakatni o‘z atrofida birlashtirgan va parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlovchi bu tashkilot yubiley anjumanini aynan O‘zbekistonda o‘tkazishga qaror qilgani nafaqat mamlakatimiz, balki Markaziy Osiyo uchun ham katta tarixiy voqea desak, xato bo‘lmaydi.


1889 yilda tashkil etilgan bu tuzilma parlamentlararo muloqotni kuchaytirish, qonunchilik sohasida tajriba almashish va global muammolar yechimida qonun chiqaruvchi organlarning o‘rnini mustahkamlash borasida tizimli faoliyat yuritib kelmoqda.


Shu o‘rinda haqli bir savol tug‘iladi. Xo‘sh, nufuzli tashkilot tomonidan nega aynan Toshkent tanlandi? Bu savolga javob berish uchun keyingi yillarda yurtimizda olib borilayotgan islohotlarga nazar tashlash lozim.


Birinchidan, keyingi sakkiz yilda O‘zbekiston ochiq, konstruktiv va pragmatik tashqi siyosatni amalga oshirib, nafaqat qo‘shni davlatlar, balki xalqaro hamjamiyat bilan ham yaqin muloqot o‘rnatishga faol intilib kelmoqda.


Ikkinchidan, Toshkent bugungacha Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti, Markaziy Osiyo davlatlari parlamentlari spikerlari uchrashuvi, Orolni qutqarish bo‘yicha xalqaro konferensiya, Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha xalqaro forumlar kabi yirik anjumanlarga munosib mezbonlik qilgan.


Uchinchidan, mamlakatimiz qonun chiqaruvchi organi – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi so‘nggi yillarda turli davlatlar parlamentlari bilan aloqalarni kuchaytirib, yangi qonunchilik tashabbuslari va demokratik institutlarni mustahkamlash yo‘nalishida katta qadamlar qo‘ymoqda.


Ko‘rinib turibdiki, xalqaro tadbirlarni har tomonlama yuqori saviyada o‘tkazishda O‘zbekiston yaxshi tajriba to‘plagan. Shu bois Parlamentlararo Ittifoq o‘zining nufuzli yig‘ilishini aynan Toshkentda o‘tkazishni maqsad qilgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Aytish kerakki, bu nafaqat yurtimizga bildirilgan ishonch, balki O‘zbekistonning xalqaro hamkorlikda tobora muhim o‘rin egallayotganidan dalolatdir.


Masalaning yana bir muhim tomoni, ushbu yirik tadbir mamlakatimiz uchun bir nechta strategik imkoniyatlarni taqdim etishi bilan ahamiyatlidir.


Xususan, tadbir butun dunyodan yuqori martabali mehmonlarni, jumladan parlament spikerlari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, yetakchi siyosatchilarni bir stol atrofida jamlaydi. Bu O‘zbekistonning xalqaro siyosatdagi nufuzini yanada mustahkamlash uchun qulay imkoniyatdir.


Shuningdek, Assambleya doirasida ko‘plab ikki va ko‘p tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilishi kutilmoqda. O‘z navbatida bu mamlakatimizda qonun ustuvorligini yanada mustahkamlash, umuman olganda mazkur yo‘nalishda tajriba almashish uchun qulay imkoniyat yaratadi.


Bundan tashqari, nufuzli tadbirga tashrif buyuruvchi mehmonlar nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy muloqotlarda ham ishtirok etishi ko‘zda tutilgan. Bu mamlakatimizning investitsion muhiti va iqtisodiy islohotlarini xalqaro arenada keng targ‘ib qilish imkonini beradi.


Assambleya kun tartibidagi masalalar va ularning mazmun-mohiyati haqida ham to‘xtalib o‘tish joiz, albatta.


“Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati” mavzusida o‘tkaziladigan Assambleyaning turkum yig‘ilishlarida qator dolzarb masalalar muhokama qilinishi belgilangan.


Xususan, mehnat bozorida teng imkoniyatlar yaratish, ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish va kambag‘allikning asl sabablariga qarshi kurashish choralari muhokama markazidan bo‘ladi.


Aholini ijtimoiy himoya qilish va kambag‘allikni qisqartirish masalasi ham atroflicha muhokama qilinadi.


Shuningdek, qonun ustuvorligini ta’minlash masalasi ham ko‘rib chiqiladi. Zero, qonun ustuvorligisiz mustahkam taraqqiyotga erishish mushkul. Tan olish kerak, bugun dunyoda korrupsiya, sud tizimidagi muammolar va huquqbuzarliklarga nisbatan jazo tizimining zaifligi taraqqiyotga to‘siq bo‘lmoqda. Shundan kelib chiqib, anjumanda adolatli sud tizimini shakllantirish, davlat boshqaruvida shaffoflikni ta’minlash va fuqarolarning huquqiy himoyasini kuchaytirish bo‘yicha xalqaro tajribalar o‘rganiladi.


Parlamentlararo uchrashuvda inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro mexanizmlar va ularning amaliy samarasi muhokama qilinadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish