Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasi boshlanish arafasida

Ma’lumki, sanoqli kunlardan keyin poytaxtimizda Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasi boshlanadi.

Nufuzli anjumanning aynan yurtimizda o‘tkazilishi bejiz emas. Bu keyingi sakkiz yilda davlatimiz rahbari boshchiligida oqilona, pragmatik ichki va tashqi siyosat, qonun ustuvorligi, “xalq – jamiyat – davlat” tamoyili asosida qurilayotgan davlatchiligimiz asoslari va bu boradagi milliy tajribalarimizga nisbatan xalqaro hamjamiyatning ishonchi va e’tirofi namunasi hisoblanadi. Qolaversa, bu tarixiy voqelik Oliy Majlisning xalqaro obro‘si tobora ortib borayotganini, parlament nazorati va shu kabi yo‘nalishlardagi milliy tajribamiz dunyo hamjamiyati, xorij parlamentariylari tomonidan keng e’tirof etilayotganidan dalolat bermoqda.


Dunyo miqyosida katta siyosiy maydon hisoblangan Parlamentlararo Ittifoq assambleyasi, amaliyotga ko‘ra, parlamentarizm va barqaror rivojlanishning ijobiy tajribasi yuqori bo‘lgan mamlakatlardagina o‘tkaziladi. Mamlakatimizda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan tadbirda 2000 ga yaqin parlamentlar rahbarlari va a’zolari, boshqa yuqori martabali mehmonlar kelishi “O‘zbekiston – 2030” hamda boshqa strategik dasturlar doirasida yurtimizda izchil olib borilayotgan islohotlar siyosati va uning samarasini keng xalqaro jamoatchilikka yetkazish uchun qulay xalqaro maydon va imkoniyatdir.


“Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati”
mavzusida o‘tkaziladigan assambleyaning turkum yig‘ilishlarida jahon mamlakatlari parlamentlari delegatsiyalari qator yo‘nalishlarda muhokamalar olib boradi. Xususan, aholini ijtimoiy himoya qilish va kambag‘allikni qisqartirish, qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquqlarini himoya qilish, gender tenglikni ta’minlash, ilm-fan, texnologiyani rivojlantirish va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash kabi dolzarb masalalar ko‘rib chiqilishi nazarda tutilgan.


Boz ustiga, tadbir doirasida 2030 yilgacha bo‘lgan strategiyani amalga oshirishda parlamentlarning ishtirokini kengaytirish, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, inson huquqlari, gender tengligi, yoshlar imkoniyatlarini kengaytirish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda parlamentlar hamkorligini kuchaytirishga zamin yaratiladi.


Umuman olganda, mazkur tadbir yakunlariga ko‘ra tashkilot butun jahon parlament harakatining o‘rta va uzoq muddatli istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beradigan tegishli hujjatni qabul qilishni rejalashtirayotgani tinch va barqaror kelajakni barpo etish yo‘lida muhim qadamlar tashlashga xizmat qiladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish