Poytaxt infratuzilmasida yangi metro bosqichi

2025-yil yozida O‘zbekiston poytaxti jadal rivojlanayotgan transport tizimi bilan yana bir muhim bosqichga qadam qo‘ymoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Do‘stlik” stansiyasidan Yangi Toshkentgacha bo‘lgan yangi metro liniyasini qurish loyihasini ko‘rib chiqdi.

Mazkur tashabbus nafaqat poytaxt infratuzilmasining kengayishiga, balki Yangi Toshkent shahri bilan barqaror, ekologik va zamonaviy transport bog‘lanishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Yangi yo‘nalish – yangi imkoniyatlar

Loyiha doirasida umumiy uzunligi 21 kilometr bo‘lgan metro liniyasi barpo etiladi. Yo‘l davomida 9 ta yangi stansiya bo‘lishi rejalashtirilgan. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, yangi yo‘nalish kuniga 230 ming nafargacha yo‘lovchi tashishga qodir bo‘ladi. Yo‘nalishda qatnov oralig‘i 6 daqiqa, umumiy qatnov vaqti esa 24 daqiqa atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Bu — nafaqat samaradorlik, balki ekologik jihatdan ham toza transport tizimining rivojiga zamin yaratadi.

Yangi metro liniyasining qurilishi Rossiyaning “Mosinjproyekt” va Turkiyaning “Dog‘ush Inshaat” kompaniyalari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Qurilishda yerosti va yerusti qismi bo‘lgan aralash texnologiyalar qo‘llaniladi.

Mazkur metro liniyasi Yangi Toshkent loyihasining muhim qismlaridan biri hisoblanadi. Yangi shahar – zamonaviy turar joylar, texnoparklar, ilmiy markazlar va ma’muriy binolarni o‘z ichiga olgan yirik shaharsizlik loyihasi bo‘lib, u kelajakda millionlab aholiga munosib yashash va ishlash sharoitini yaratishni maqsad qilgan. Metro esa bu rejani hayotga tatbiq etishda ustuvor vosita bo‘lib xizmat qiladi.

 

 

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish