5-iyun har yili dunyo bo‘ylab Butunjahon Atrof-muhitni muhofaza qilish kuni sifatida keng nishonlanadi. Ushbu muhim sanani 1972-yilda BMT Bosh Assambleyasi e’lon qilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi insoniyatni sayyoramiz kelajagi uchun ekologik muammolarga befarq bo‘lmaslikka da’vat qilishdir.
1972-yilda Stokgolmda o‘tkazilgan BMT Atrof-muhit bo‘yicha konferensiyasi insoniyat tarixida ilk marta ekologik masalalarni global darajada muhokama qilgan anjuman bo‘ldi. Shu yildan boshlab 5-iyun ekologiyani asrash va barqaror rivojlanishga yo‘naltirilgan xalqaro kun sifatida belgilandi.
Bu kunda dunyoning ko‘plab davlatlarida turli tadbirlar tashkil qilinadi: ekologik aksiyalar va hasharlarda daraxt ekish; dam olish bog‘lari va jamoat joylarini obodonlashtirish; chiqindilarni qayta ishlashga qaratilgan targ‘ibot kampaniyalari; yoshlar va ko‘ngillilar ishtirokida fleshmoblar, velomarafon va seminarlar.
Mazkur tadbirlar aholining ekologik madaniyatini oshirishga, shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha jamoaviy mas’uliyatni kuchaytirishga xizmat qiladi.
BMT tomonidan e’lon qilingan 2025 yil mavzusi - “Yerlarni tiklash, cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi barqarorlik”.
Bu mavzu global miqyosda muhim ahamiyatga ega, chunki iqlim o‘zgarishi natijasida cho‘llanish va suv tanqisligi kuchaymoqda. Yer resurslarini tiklash va ulardan oqilona foydalanish insoniyatning kelajagi uchun hal qiluvchi masala hisoblanadi.
5-iyun nafaqat ekologlar, balki har bir fuqaro uchun muhim kun. Chunki tabiat – bizning uyimiz. Uni asrab-avaylash, kelajak avlodlarga sog‘lom va yashil muhit qoldirish barchamizning vazifamizdir.