Bosh prokuraturada tashkil etilgan navbatdagi “Ma’rifat soati” doirasida takomillashayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasi hamda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yiliga mo‘ljallangan islohotlar dasturi va Davlat dasturi loyihalari muhokama markazida bo‘ldi.
Tadbirda prokuratura organlari xodimlari ishtirok etib, mamlakat taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlari, davlat boshqaruvini takomillashtirish va qonun ustuvorligini mustahkamlashga qaratilgan vazifalar yuzasidan fikr almashildi.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan mutaxassislar yangilanayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakatning uzoq muddatli rivojlanish maqsadlarini belgilab beruvchi muhim hujjat ekanini ta’kidladilar. Qayd etilishicha, strategiyani takomillashtirish jarayonida huquqiy demokratik davlat qurilishi, fuqarolar manfaatlarini himoya qilish hamda aholi turmush sifatini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Muhokamalar davomida 2026-yilga mo‘ljallangan Davlat dasturi va islohotlar paketida nazarda tutilayotgan ustuvor vazifalar ham ko‘rib chiqildi. Ular orasida davlat organlari faoliyatining ochiqligi va hisobdorligini kuchaytirish, boshqaruv tizimini yanada samarali tashkil etish hamda aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish masalalari muhim o‘rin egallaydi.
Shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, huquqbuzarliklarning oldini olish tizimini kuchaytirish bo‘yicha rejalashtirilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan ham atroflicha fikr almashildi.
Tadbirda prokuratura organlarining davlat va jamiyat hayotidagi o‘rni, qonuniylikni ta’minlashdagi mas’uliyati hamda islohotlarni hayotga tatbiq etishdagi roli alohida muhokama qilindi.
Mutaxassislarning fikricha, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va yangi Davlat dasturida belgilangan vazifalarning izchil amalga oshirilishi huquqiy tizim samaradorligini oshirish, davlat organlari faoliyatini yanada ochiq va fuqarolarga yo‘naltirilgan shaklda tashkil etish hamda jamiyat taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.