JIDUda “Fikrlar marafoni” o‘tkazildi: talabalar strategik islohotlar muhokamasiga qo‘shildi

11.02.2026 12:59
906

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamkorligida “Fikrlar marafoni” tadbiri tashkil etilib, unda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” doirasida ishlab chiqilayotgan islohotlar dasturlari hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirishga qaratilgan Davlat dasturi loyihasi muhokama qilindi.

 

Tadbirda universitet talabalari, professor-o‘qituvchilar va mutaxassislar ishtirok etib, mamlakat taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan ochiq muloqot olib bordilar. Uchrashuv davomida strategik rejalashtirishning xalqaro tajribasi, davlat dasturlarining rivojlanish jarayonidagi o‘rni va maqsadli ko‘rsatkichlarning ahamiyati haqida ma’lumot berildi.

 

Muhokamalarda mahalla institutining jamiyat hayotidagi o‘rni, fuqarolar farovonligini oshirish, davlat xizmatlarini yanada takomillashtirish hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish kabi masalalar alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Shuningdek, yoshlarning islohotlar jarayonidagi ishtiroki va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalari ham ko‘rib chiqildi.

 

Tadbir davomida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining asosiy maqsadlari, mamlakatning o‘rta va uzoq muddatli rivojlanish istiqbollari hamda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga qaratilgan vazifalar yuzasidan fikr almashildi. Ishtirokchilarga strategiyada nazarda tutilgan davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish, qonun ustuvorligini mustahkamlash va iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

 

Ochiq muloqot ruhida o‘tgan tadbirda talabalar o‘z taklif va mulohazalarini bildirish imkoniga ega bo‘ldi. Bildirilgan tashabbuslarning ayrimlarini amaliyotga tatbiq etish masalalari yuzasidan ham fikrlar almashildi.

 

Mutaxassislar fikricha, bunday uchrashuvlar yoshlarning strategik islohotlar mazmun-mohiyatini chuqurroq anglashiga, huquqiy madaniyatini yuksaltirishga hamda mamlakat taraqqiyotiga daxldorlik hissini kuchaytirishga xizmat qiladi. “Fikrlar marafoni” esa talabalar va ekspertlar o‘rtasidagi samarali muloqot maydoni sifatida muhim ahamiyat kasb etdi.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish