Londondagi Britaniya muzeyida “Ipak yoʻllari” koʻrgazmasi oʻz ishini davom ettirmoqda. Ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston kolleksiyalariga mansub 14 ta eksponat namoyish etilgan.
Ular orasida Markaziy Osiyoning Buyuk Ipak yo‘li tarixidagi ahamiyatiga dalolat bo‘luvchi Varaxsha saroyi alvon mehmonxonasining devoriy surati (VIII asr), qopqoqli suyakdon (VI–VII asr), so‘g‘d yozuvi tushirilgan kumush idish (V asr), Kofirqal’a xarobasiga oid ko‘za (VI–VII asr) va boshqa noyob arxeologik topilmalar mavjud.
Britaniya muzeyidagi koʻrgazma Yaponiyadan tortib to Buyuk Britaniyagacha va Skandinaviyadan to Madagaskargacha boʻlgan Osiyo, Afrika, Yevro‘pa mamlakatlari o‘rtasidagi jamiyatlar va madaniyatlarni qamrab olgan murakkab aloqalar tizimini ochib beruvchi nafaqat Sharq va G‘arb oʻrtasidagi savdo tarixiga oid keng qamrovli tushunchani taqdim etadi.
“Ipak yo‘llari” ko‘rgazmasi jahonga mashhur muzey va Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi o‘rtasidagi ilk hamkorlik bo‘lib, O‘zbekiston arxivlaridan foydalanish imkoniyatini o‘z ichiga olgan uch yillik hamkorlik natijasidir.
Koʻrgazma 2025-yilning 23-fevraliga qadar Britaniya muzeyidagi “Sainsbury” koʻrgazmalar galereyasida muxlislar uchun muntazir.