“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi takomillashtirilmoqda

15.01.2026 12:34
1101

 

“Taraqqiyot strategiyasi” markazida takomillashayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasining “Qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish” yo‘nalishiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

 

Tadbirda Adliya vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Prezident huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi vakillari, ekspertlar, ommaviy axborot vositalari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

 

Qayd etilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llangan Murojaatnomada mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini qayta ko‘rib chiqish va uni jamoatchilik fikri asosida takomillashtirish vazifasi belgilangan. Shu maqsadda strategiya loyihasi keng muhokamaga qo‘yilib, turli sohalardagi ustuvor yo‘nalishlar yangilanmoqda.

 

Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, strategiyaning asosiy maqsadlaridan biri davlat boshqaruvi va davlat xizmatlari tizimida raqamlashtirishni chuqurlashtirish orqali samaradorlikni oshirish hamda fuqarolar uchun qulaylik yaratishdan iborat.

 

Rejalarga ko‘ra, arxiv hujjatlarining raqamlashtirilgan ulushi 80 foizga yetkaziladi. Mavjud 40 million hujjatdan 25 millioni elektron shaklga o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, hokimliklar faoliyatida “E-qaror” tizimi orqali hujjatlarni ishlab chiqish va qabul qilish amaliyoti to‘liq joriy etiladi.

 

Strategiya loyihasida mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatida “byurokratiyani nol” tamoyilini keng tatbiq etish ham muhim vazifa sifatida belgilangan. Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, qurilish, energetika, inson resurslari, soliq, bojxona va bandlik sohalariga oid yigirmadan ortiq elektron tizimlar hokimliklar faoliyatiga integratsiya qilinadi.

 

Davlat xizmatlarini takomillashtirish doirasida kompozit va proaktiv xizmatlar sonini kamida 400 taga yetkazish, yuzdan ortiq xizmatlarni ko‘rsatish muddatlarini ikki baravar qisqartirish hamda 500 ga yaqin xizmatlar bo‘yicha tartib-taomillarni soddalashtirish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, fuqarolardan talab qilinadigan 110 dan ortiq ma’lumot va hujjatlarni bekor qilish nazarda tutilmoqda.

 

Raqamli texnologiyalar vazirligi vakillari tomonidan mamlakatda raqamli davlat boshqaruvini rivojlantirish bo‘yicha belgilangan maqsadlar ham ma’lum qilindi. Xususan, O‘zbekistonning BMT Elektron hukumatni rivojlantirish reytingida dunyoning eng yaxshi 30 mamlakati qatoridan o‘rin egallashi ko‘zda tutilmoqda. Bundan tashqari, “Xalq nazorati” portali barcha hududlarda to‘liq joriy etilib, “Raqamli hukumat” yagona platformasiga ulangan servislar soni 700 taga yetkaziladi.

 

Prezident huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi vakillari esa davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha rejalarga to‘xtaldi. Unga ko‘ra, har yili bir qator vazirlik va idoralarda ichki ish yuritish jarayonlari optimallashtiriladi, qog‘oz hujjatlar hajmi bosqichma-bosqich qisqartiriladi va an’anaviy tartib-taomillar raqamli shaklga o‘tkaziladi.

 

Shuningdek, davlat fuqarolik xizmatida lavozimlarni egallash jarayonini to‘liq malakaga asoslangan karyera modeli asosida tashkil etish, davlat xizmatchilarining masofaviy malaka oshirish qamrovini 100 foizga yetkazish hamda “Davlat xizmatchisi” mobil ilovasidan foydalanishni to‘liq joriy etish vazifalari belgilangan.

 

Mutaxassislar fikricha, yangilanayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi davlat boshqaruvi tizimining ochiqligi, samaradorligi va fuqarolarga yo‘naltirilganligini kuchaytirishga xizmat qiladi. Hujjat bo‘yicha jamoatchilik muhokamalari davom etmoqda va kelib tushayotgan takliflar asosida strategiya yanada takomillashtiriladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish