“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida yangi iqtisodiy marralar

16.01.2026 10:29
2351

 

“Taraqqiyot strategiyasi” markazida o‘tkazilgan navbatdagi matbuot anjumanida yangilanayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining iqtisodiy rivojlanish, investitsiyalarni jalb etish va moliyaviy sektorni modernizatsiya qilishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.

 

Tadbirda Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Markaziy bank mutaxassislari, ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

 

Mutaxassislar ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda iqtisodiyotning turli tarmoqlarida sezilarli natijalarga erishilgan bo‘lsa-da, global iqtisodiyotdagi o‘zgarishlar va yangi raqobat sharoitlari mamlakat oldiga yanada katta vazifalarni qo‘ymoqda. Shu sababli “O‘zbekiston – 2030” strategiyasidagi maqsad va ko‘rsatkichlar zamon talablari asosida qayta ko‘rib chiqilmoqda.

 

Yangilanayotgan strategiyada investitsiya faolligini oshirish asosiy vazifalardan biri sifatida belgilanmoqda. Rejalarga ko‘ra, asosiy kapitalga yo‘naltiriladigan investitsiyalar hajmi har yili barqaror o‘sib boradi, xorijiy sarmoyalarni jalb qilish sur’atlari kengaytiriladi. Shuningdek, iqtisodiyotning turli tarmoqlari va hududlarida yirik texnologik hamda infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish orqali sanoat salohiyatini mustahkamlash ko‘zda tutilgan.

 

Eksportni rivojlantirish masalasi ham strategiyaning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. 2030-yilga qadar mamlakat eksport hajmini keskin oshirish, tayyor va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ulushini ko‘paytirish rejalashtirilgan. Bunda xalqaro standartlarga mos ishlab chiqarishni kengaytirish, milliy brendlarni jahon bozorlariga olib chiqish va eksportchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratiladi.

 

Mutaxassislarning fikricha, eksport geografiyasini kengaytirish, ayniqsa Yevropa va boshqa istiqbolli bozorlarda o‘zbek mahsulotlari ulushini oshirish mamlakatning xalqaro savdodagi pozitsiyasini mustahkamlashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, zamonaviy texnologiyalar asosida ishlab chiqarilgan mahsulotlar eksportini ko‘paytirish iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishda muhim omil bo‘ladi.

 

Strategiya loyihasida makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga ham katta e’tibor berilgan. Xususan, 2030-yilga qadar iqtisodiyot hajmini ikki baravarga oshirish, aholi daromadlarini sezilarli ko‘paytirish hamda O‘zbekistonni daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga olib chiqish maqsadi ilgari surilmoqda.

 

Bank-moliya sektorida esa xizmatlar sifati va qamrovini kengaytirish, kreditlash imkoniyatlarini oshirish hamda sohada raqobat muhitini kuchaytirish vazifalari belgilangan. Rejalarga ko‘ra, inflyatsiyani maqbul darajada ushlab turish, bank resurslari bazasini kengaytirish va davlat ulushi yuqori bo‘lgan banklarni bosqichma-bosqich transformatsiya qilish ishlari davom ettiriladi.

 

Mutaxassislar fikricha, strategiyaning yangilangan ko‘rsatkichlari iqtisodiyotning barqaror o‘sishini ta’minlash, investitsion muhitni yanada jozibador qilish hamda tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun mustahkam asos yaratadi.

 

Matbuot anjumani yakunida jurnalistlar va ekspertlar tomonidan bildirilgan takliflar hamda savollar yuzasidan batafsil fikr almashildi. Ta’kidlanishicha, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi bo‘yicha jamoatchilik muhokamalari davom etadi va hujjat aholi hamda mutaxassislar takliflari asosida yanada takomillashtiriladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish