2025 yil 5 avgust kuni Turkmanboshi shahrida bo‘lib o‘tayotgan BMTning Dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish masalalariga bag‘ishlangan maxsus tadbirda ishtirok etdi.
Tadbirda Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi – Prezident Administratsiyasi rahbari Adilbek Qosimaliyev, Ozarbayjon Respublikasi Bosh vaziri Ali Asadov hamda qator rasmiy delegatsiyalar a’zolari va xalqaro jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir kun tartibidan Toshkent shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan navbatdagi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlikning asosiy jihatlari o‘rin oldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning ushbu formatdagi raisligi doirasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan axborot berdi. Ta’kidlanganidek, yil boshida Raislik konsepsiyasi va Qo‘shma tadbirlar rejasi qabul qilingan.
Shu asosda xavfsizlik kengashlari kotiblari, maxsus xizmatlar rahbarlari, sanoat, energetika, suv xo‘jaligi va ekologiya vazirlari darajasidagi uchrashuvlar, shuningdek, media va yoshlar forumlari muvaffaqiyatli o‘tkazilgani qayd etildi. Yil yakunigacha parlamentlararo forum, mudofaa, savdo va transport vazirlarining yig‘ilishlari hamda madaniy-gumanitar tadbirlarni o‘tkazish rejalashtirilgan.
Prezidentimiz mintaqaviy sheriklikning yangi kun tartibini shakllantirish, uning huquqiy asoslarini mustahkamlash zarurligini ta’kidlar ekan, Toshkent sammiti doirasida bir qator muhim tashabbuslarni ilgari surish rejasi borligini ma’lum qildi. Jumladan, siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, iqtisodiy kooperatsiyaning yangi drayverlarini shakllantirish, chegaraoldi savdoni kengaytirish, suv va energetika sohalarida hamkorlikni rivojlantirish, transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash va iqlim o‘zgarishiga qarshi amaliy chora-tadbirlarni kuchaytirish muhim yo‘nalishlar sifatida belgilandi.
Uchrashuvda Ozarbayjon tomonining faol ishtiroki alohida e’tirof etildi. Bugungi kunda mintaqa davlatlari bilan Ozarbayjon o‘rtasida savdo, transport va "yashil" energetika kabi strategik sohalarda qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
O‘z nutqida Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi muvofiqlashtirilgan va kelishilgan yondashuvlar mintaqa barqarorligi, taraqqiyoti va xalqlar farovonligi uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilishiga ishonch bildirdi.