O‘zbekiston rahbariga Turkmanistonning yuksak mukofoti topshirildi

05.08.2025 13:30
39

Turkmanboshi shahrida bo‘lib o‘tayotgan BMTning Dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Turkmanistonning “Hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ordeni tantanali ravishda topshirildi.

Tadbirda Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, shuningdek, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari ko‘rsatilgan yuksak e’tibor uchun chuqur minnatdorlik bildirib, ushbu mukofotni O‘zbekiston va uning ko‘p millatli xalqi, Markaziy Osiyodagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va strategik sheriklik ruhini mustahkamlashga qaratilgan umumiy sa’y-harakatlarning yuksak e’tirofi sifatida qabul qilishini ta’kidladi.

Ushbu mukofotni O‘zbekiston va uning ko‘p millatli xalqiga alohida e’tibor va hurmat, mintaqamizda do‘stlik va sheriklik munosabatlarini mustahkamlash borasidagi umumiy sa’y-harakatlarimizning e’tirofi deb qabul qilaman, — dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.


Muloqot davomida O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari tarixiy do‘stlik, qarindoshlik va o‘zaro hurmat an’analariga asoslangan holda yuksak bosqichga chiqqani mamnuniyat bilan qayd etildi. So‘nggi yillarda o‘zaro savdo hajmi sezilarli darajada oshgan, muhim iqtisodiy va gumanitar loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston yetakchisi “Arqadog‘” unvoniga ega Gurbanguli Berdimuhamedov va mintaqadagi boshqa davlatlar rahbarlarining Markaziy Osiyoda hamkorlikni ilgari surishdagi hissasini alohida e’tirof etdi. Bugun butun xalqaro hamjamiyat mintaqaviy sheriklik va o‘zlikning yangi modelini shakllantirish borasidagi umumiy yutuqlarni e’tirof etayotgani ta’kidlandi.

Suhbat yakunida davlatimiz rahbari yuqori davlat mukofoti uchun yana bir bor minnatdorlik bildirar ekan, qardosh turkman xalqini mazkur BMT konferensiyasi bilan tabrikladi va joriy yil dekabr oyida Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tadigan “Xalqaro tinchlik va ishonch yili” doirasidagi global sammit muvaffaqiyatli o‘tishini tiladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish