Prezident 2026-yil uchun islohotlar dasturlari va Davlat dasturini tasdiqladi

16.02.2026 20:02
2759

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2026-yilda mamlakat taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlarini belgilovchi islohotlar dasturlari hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi tasdiqlandi.

 

Mazkur hujjatlar davlat rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida ilgari surilgan tashabbuslar hamda kelgusi yil uchun eng muhim vazifalarni o‘z ichiga oladi. Dastur mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini jadallashtirish, aholi farovonligini oshirish va davlat boshqaruvini takomillashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlarni qamrab oladi.

 

Tasdiqlangan dasturda mahallalar infratuzilmasini modernizatsiya qilish, iqtisodiyotni innovatsion rivojlanish modeliga o‘tkazish, yangi mehnat bozori talablariga mos kasblarni rivojlantirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash, suv resurslaridan samarali foydalanish hamda davlat boshqaruvi va sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilangan.

 

Shuningdek, jamiyatda birdamlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, fuqarolarning davlat va jamiyat hayotidagi faolligini oshirishga qaratilgan tashabbuslar ham dasturdan o‘rin olgan.

 

Yangi yondashuvga ko‘ra, islohotlarni amalga oshirishda jarayon emas, balki aniq natijaga erishish asosiy mezon sifatida belgilanmoqda. Shu maqsadda har bir tashabbus bo‘yicha amalga oshirish mexanizmlari, yil yakunida erishilishi lozim bo‘lgan natijalar hamda samaradorlik ko‘rsatkichlari ishlab chiqilgan. Har bir yo‘nalish uchun mas’ul rahbarlar va muvofiqlashtiruvchi tashkilotlar biriktirilgan.

 

Davlat dasturi doirasida 337 ta amaliy chora-tadbirni amalga oshirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, 2026-yilda iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarni rivojlantirishga qaratilgan o‘nlab normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.

 

Dastur loyihalari keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilindi. Muhokamalar jarayonida millionlab fuqarolar hujjatlar bilan tanishib, minglab taklif va mulohazalar bildirildi. Oliy ta’lim muassasalari, davlat idoralari va ekspertlar ishtirokida o‘nlab uchrashuvlar tashkil etildi. Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarning fikrlari ham inobatga olindi.

 

Mutaxassislar fikricha, jamoatchilik muhokamalari natijasida dastur mazmunan boyitilib, fuqarolar ehtiyojlari va zamonaviy rivojlanish talablari yanada to‘liq aks ettirildi.

 

Davlat rahbari tomonidan tasdiqlangan hujjatlar ijrosining bosh mezoni sifatida aholining turmush darajasini yaxshilash, yangi ish o‘rinlarini yaratish, daromadlarni oshirish va fuqarolarning islohotlardan rozi bo‘lishini ta’minlash vazifasi belgilandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish