Xalqaro hamjamiyat “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasini muhokama qildi

23.01.2026 14:56
1802

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida takomillashayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasiga bag‘ishlangan xalqaro muhokama tashkil etildi. Tadbirda mamlakat va xorijdan 150 nafardan ortiq ekspertlar, xalqaro tashkilotlar vakillari, diplomatlar, parlament a’zolari, davlat organlari mutaxassislari hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi.

 

Muhokama davomida strategiyaning yangilanayotgan ustuvor yo‘nalishlari, mamlakat taraqqiyotining kelgusi bosqichlari hamda hujjatni xalqaro tajriba asosida takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Tadbir ishtirokchilari global iqtisodiyotdagi o‘zgarishlar, raqamli transformatsiya, iqlim o‘zgarishi, yashil iqtisodiyot va demografik jarayonlar sharoitida milliy rivojlanish strategiyalarini muntazam ravishda yangilab borish zarurligini ta’kidladilar.

 

Tadbirni ochib bergan mutasaddilar strategiya loyihasining asosiy maqsadi mamlakat taraqqiyotining uzoq muddatli yo‘nalishlarini belgilash, aholi farovonligini oshirish va davlat boshqaruvining samaradorligini kuchaytirishdan iborat ekanini qayd etdilar. Shuningdek, hujjatni ishlab chiqishda xalqaro standartlar, ilg‘or tajribalar va ekspertlarning tavsiyalaridan keng foydalanilayotgani alohida ta’kidlandi.

 

Muhokamalarda BMT tizimiga kiruvchi qator tashkilotlar, xalqaro moliyaviy institutlar hamda xorijiy ekspertlar faol qatnashdi. Ular strategiyada nazarda tutilayotgan maqsad va vazifalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalari hamda amaliy tavsiyalarini bildirdilar.

 

Tadbir davomida O‘zbekiston va BMT o‘rtasida 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish bo‘yicha hamkorlik doirasi doirasidagi ustuvor vazifalar ham muhokama qilindi. Mutaxassislar mazkur hamkorlik mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yanada jadallashtirish va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda muhim omil bo‘lishini qayd etdilar.

 

Shuningdek, xalqaro ekspertlar strategiyani amalga oshirish jarayonida zamonaviy boshqaruv yondashuvlarini qo‘llash, institutsional islohotlarni chuqurlashtirish, inson kapitalini rivojlantirish hamda ekologik barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha takliflar bildirdilar.

 

Muhokamalar yakunida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini keng jamoatchilik va xalqaro hamjamiyat bilan ochiq muloqot asosida takomillashtirish hujjatning amaliy ahamiyati va samaradorligini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Bildirilgan taklif va tavsiyalar strategiyaning yakuniy loyihasini ishlab chiqishda inobatga olinishi qayd etildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish