Sir emaski, har qanday mamlakatning iqtisodiy jihatdan o‘sish dinamikasi balandparvoz raqam yoki hisobotlar bilan emas, mavjud ishlab chiqarish korxonalaridagi barqarorlik qanday holatda ekani bilan baholanadi. Chunki har qanday mamlakat iqtisodiy qudratining asosi real sektor hisoblanadi. Agar ishlab chiqarish sekinlashsa, bozor ham qisqaradi, ish o‘rinlari sezilarli darajada kamayib, iqtisodiy o‘sish sur’ati pasayadi.
Tan olish kerak, ayni paytda jahon iqtisodiyoti murakkab davrni boshdan kechirmoqda. Bunday deyishimizning boisi - dunyoda turli geosiyosiy tortishuvlar tufayli xomashyo bozorida tebranishlar yuzaga kelmoqda. Logistika zanjirlarida esa uzilishlar kuzatilmoqda. Bu esa ko‘plab mamlakatlar iqtisodiyotiga sezilarli ta’sir o‘tkazmoqda. Shu bois mamlakatlar o‘zining ichki iqtisodiy zaxiralaridan oqilona foydalanishga, sodda qilib aytganda, mavjud sanoat quvvatlarini yo‘qotmaslik va ularni to‘liq ishlatishga jiddiy e’tibor qaratmoqda.
Mamlakatimizda ham keyingi yillarda sanoatni rivojlantirish, investitsiyalarni keng jalb qilish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida katta ishlar qilindi. Hududlarda qator yangi korxonalar ish boshladi, eksportbop mahsulotlar ko‘paydi, umuman olganda, xususiy sektor iqtisodiyotning drayveriga aylandi. Ammo yaratilgan imkoniyatlarni saqlab qolish, ularning barqaror ishlashini ta’minlash ham katta kuch va mas’uliyat talab etadi.
Shu yilning 5-may kuni Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan yig‘ilish ana shu masalalarga bag‘ishlandi. Unda davlat rahbari ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini barqarorlashtirish hamda tadbirkorlarni o‘ylantirayotgan muammoli masalalarni hal etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Muhokamalarda raqamlar ortida yashiringan real muammolar, iqtisodiyotda to‘liq ishlamayotgan katta zaxiralar va tadbirkorlarni qiynayotgan to‘siqlar ochiq tahlil qilindi. So‘nggi yillarda mamlakatda sanoatni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish borasida katta ishlar amalga oshirilishiga qaramay, ayrim korxonalar turli sabablar tufayli to‘liq quvvatda ishlamayotgani yoki daromadi keskin kamaygani ayon bo‘lmoqda.
Bu holat, ayniqsa, to‘qimachilik, qurilish materiallari, oziq-ovqat, neft-kimyo va elektrotexnika kabi iqtisodiyot uchun strategik ahamiyatga ega tarmoqlarda kuzatilayotgani masalaga jiddiy yondashishni taqozo etadi. Muammolarning asosiy sabablari sifatida aylanma mablag‘ yetishmasligi, infratuzilma muammolari, eski uskunalar, xomashyo zanjiridagi uzilishlar va bozorda talabning pasayishi qayd etildi.
Eng muhimi, ushbu to‘siqlarni bartaraf etish orqali qo‘shimcha 65,6 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish va eksport imkoniyati mavjudligi ta’kidlandi. Bu raqam mamlakat iqtisodiyotida hali ishga solinmagan katta ichki zaxiralar borligini ko‘rsatadi.
Taqdimotdagi eng muhim yangiliklardan biri har bir korxonaning holatini individual tarzda o‘rganish va ularni to‘liq quvvatga chiqarish bo‘yicha yangi tizim joriy etilishi bo‘ldi.
Buning uchun respublika miqyosida maxsus shtab tashkil etiladi. Unda davlat idoralari va tijorat banklari birgalikda ishlaydi. Shtab vakillari hududlarga chiqib, ikki hafta ichida korxonalar faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan omillarni aniqlaydi va muammolarni joyida hal qilish choralarini ko‘radi.
Bu yondashuvning muhim jihati shundaki, avvalgidek umumiy qarorlar emas, balki har bir ishlab chiqaruvchining aniq muammosiga qarab yechim taklif etiladi. Misol uchun, ayrim korxonalarga kredit kerak bo‘lsa, boshqasiga infratuzilma, yana biriga esa xomashyo ta’minoti yoki bozor zarur bo‘lishi mumkin.
Muhokamada tijorat banklari balansida saqlanayotgan yirik mol-mulklar masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Hozirda qiymati 10 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan 70 ta yirik aktiv banklar balansida turibdi. Aslida, bu obyektlar ishlab chiqarish maydoniga, yangi loyihalarga yoki investorlar uchun tayyor infratuzilmaga aylanishi zarur. Shu sababli ushbu aktivlarni iqtisodiy aylanmaga qaytarish bo‘yicha yangi mexanizmlar ishlab chiqilishi belgilandi.
Bu, avvalo, bank balansidagi obyektlarni investorlar uchun ochiq va jozibador shaklda taklif qilish, ularni to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlab chiqarish maydonlariga aylantirishni nazarda tutadi. Ya’ni tadbirkorlar tayyor infratuzilmaga ega obyektlarni noldan qurmasdan, qisqa vaqt ichida ishga tushirish imkoniga ega bo‘ladi. Shuningdek, yirik va faoliyati to‘xtagan obyektlar negizida sanoat kooperatsiyasi maydonlari tashkil etish, ularda bir vaqtning o‘zida bir nechta kichik va o‘rta biznes loyihalarini joylashtirish amaliyotini kengaytirish ham rejalashtirilmoqda. Bu esa mavjud resurslardan samarali foydalanish orqali iqtisodiy faollikni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Mutaxassislarning fikricha, bunday yondashuv yangi zavod qurishdan ko‘ra ancha tez va iqtisodiy jihatdan samarali hisoblanadi. Chunki tayyor binolar, kommunikatsiyalar va ishlab chiqarish infratuzilmasini qayta faollashtirish orqali “o‘lik kapital”ni iqtisodiyotning real drayveriga aylantirishga erishiladi.
Taqdimotda yana bir muhim masala - investitsiya dasturlari doirasida ishga tushirilgan loyihalarning haqiqiy faoliyatini baholash mavzusi ko‘tarildi. 2021–2025-yillarda amalga oshirilgan qariyb 17 mingta loyihaning ayrimlari soliq va statistika hisobotlarida to‘liq aks etmayotgani ma’lum qilindi. Bu esa iqtisodiy ko‘rsatkichlarni baholashda aniqlik masalasiga salbiy ta’sir o‘tkazishi mumkin.
Shu bois mutasaddilarga har bir loyihani qayta o‘rganib chiqish, ularning real ishlayotganini aniqlash va hisobot tizimini tartibga solish topshirildi.
Taqdimotning tadbirkorlar uchun eng ahamiyatli qismi biznesni qiynayotgan ma’muriy to‘siqlarni qisqartirish bo‘yicha takliflar bo‘ldi, deyish mumkin. Xususan, korxona nomi yoki faoliyat turi yozilgan peshlavhalarni reklama sifatida baholash amaliyoti tadbirkorlarga ortiqcha xarajat va qog‘ozbozlik yuklayotgani bor gap. Endi bunday axborot belgilarini reklama deb hisoblamaslik va ular uchun alohida ruxsatnoma talab qilmaslik taklif etildi. Bu, ayniqsa, kichik biznes va xizmat ko‘rsatish sohasi uchun sezilarli yengillik beradi.
Ochiq aytish kerak, tadbirkorlar ko‘p e’tiroz bildiradigan masalalardan yana biri soliq ma’murchiligi va jarimalardir. Shu bois muhokamada soliq qarzi bo‘yicha hisoblanadigan penya asosiy qarzdan oshib ketmasligi kerakligi aytildi. Zero, bu amaliyot tadbirkorlarni ortiqcha moliyaviy bosimdan himoya qiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, ushbu taqdimot va unda qayd etilgan vazifalar mamlakatimiz iqtisodiyotini faqat yangi loyihalar hisobiga emas, balki mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solish orqali yanada rivojlantirish, biznes vakillarining erkin ishlashi uchun sharoit yaratish, sohadagi ortiqcha byurokratiyani qisqartirish, ishlab chiqarishni rag‘batlantirish va eksportni kengaytirish orqali taraqqiy ettirishga qaratilgan navbatdagi dadil va ishonchli qadamdir.